Chigirtka soʻzlar
Bugungi globallashuv zamonida, fan-texnika va texnologiya tez ommalashayotgan bir davrda tilga yangi soʻzlarni qabul qilish oʻta jadallashib ketdi. Bundan chorak asr avval u yoki bu tilga, aytaylik, bir yilda nechta soʻz chetdan kirganini aniqlash mumkin boʻlsa, hozir buning iloji yoʻq: xorijiy soʻzlar ekinzorlarni bosgan chigirtkalarday shiddat bilan yopirilib kelyapti, uni tasnif qilish, taʼriflash, statistikasini yuritishga fursat etishmaydi, chunki bir-ikki oy ichidayoq bu maʼlumotlar eskirib qoladi. Bu, albatta, ijobiy holat emas.
Chunki qabul qilish oʻrinli va zarur boʻlgan soʻzlar bilan birga ona tilimizda bor, ammo tarjimonning noʻnoqligi, til bilmasligi sababli oʻzbekcha muqobiliga almashtirilmagan soʻzlar ham kirib qolib, azaldan qoʻllab kelinayotgan soʻzlarni sitib chiqaryapti yoki funksiyasini cheklayapti.
Masalan, biron yilning nari-berisida kreativ degan bir “jozibali” soʻz paydo boʻldi va u ijodiy, tashabbus singari kalimalarni boʻgʻib tashlab, oʻrni boʻlsa-boʻlmasa qoʻllanyapti. Ana shunaqa “modniy” soʻzlardan yana biri motivatsiya boʻlib turibdi. Uning eng toʻgʻri va op-oson tarjimasi – ragʻbat. Biroq kreativ fikrlashga noqobil mutarjimlarimizda uni oʻgirish motivasiyasi kamligi sababli bu ikkala soʻz bugun juda faollashib, “zamonaviy, ajnabiy manbalardan xabardor odam” ekanini koʻrsatishga xizmat qilyapti.
Zuhriddin Isomiddinovning “Tarjima va til” maqolasidan
@oriftolib | Sahifalarimiz
Post #2983
4.19K