Abituriyent – ketadigan odam
Abituriyent soʻzining ildizi lotincha abituriens yoki abiturientis soʻziga borib taqaladi. Maʼnosi – ketishga chogʻlangan kishi. Abiturus soʻzi esa ketishi kerak boʻlgan kishi maʼnosiga ega. Izohli lugʻatga koʻra, abituriyent oʻzbek tilida oʻrta maktabni bitirayotgan oʻquvchini, oliy yoki oʻrta maxsus oʻquv yurtiga kirish uchun daʼvogarni anglatadi. Biroq hozir soʻz birinchi maʼnosida deyarli qoʻllanmay qoʻygan. Abituriyent deganda oʻqishga topshirgan yoki topshirmoqchi boʻlganlar tushuniladi.
Bu soʻz bizga rus tilidan kirgan. Rus tiliga esa nemis tilidan oʻtgan. Biz bilgan maʼnodagi abituriyent atamasi sobiq sovet davlatlari hududidagina qoʻllanadi xolos. XIX asr oxirlarida abituriyent deb oʻrta maʼlumot haqidagi attestatni olgan oʻquvchi tushunilgan. Nemis gimnaziyalarida oʻrta taʼlim guvohnomasini olish uchun abiturienten yoki absolutorialexamen deb nomlangan imtihonlar oʻtkazilgan.
Soʻzdagi maʼno evrilishini qarang. Bir paytlar ketmoqchi boʻlgan kishi maʼnosidagi soʻz hozir oʻquv yurtiga kirmoqchi boʻlgan kishi maʼnosini tashiyapti.
@oriftolib | Sahifalarimiz
Post #2946
4.97K