Sumalak sermalakmi?
Undirib yanchilgan bugʻdoy, un va yogʻ aralashmasidan tayyorlanadigan, vitaminlarga boy, xushxoʻr holvaytarsimon bu taomning paydo boʻlishi bilan bogʻliq bir nechta rivoyatlar bor. Ana shu rivoyatlar taʼsirida baʼzan sumalak soʻzining kelib chiqishini si malak – oʻttiz malak, sermalak – koʻp malak kabi soʻzlarga bogʻlashadi. Lekin bu xato. Bundan oʻn besh yillarcha burun Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjondan bu soʻz turkiycha ekani, “Devonu lugʻatit turk”da suma soʻzi bugʻdoy deb taʼriflangani, sumalak soʻmali, yaʼni bugʻdoyli ovqat maʼnosini anglatishini eshitib, hayron qolgandim. Keyin manbalarni oʻrganib, bunga oʻzim ham amin boʻldim, turli olim va tadqiqotchilarning fikrlari ham ayni maʼlumotni tasdiqladi: sumalak sumaliq soʻzining oʻzgargan shakli.
Mahmud Koshgʻariy suma soʻzini ivitilgan bugʻdoy deb izohlaydi va sharbat uchun qilingan, undirilgan arpaga ham shu soʻz qoʻllanishini aytadi. Sumalakda ivitib undirilgan bugʻdoy ishlatilishini hisobga olsak, sumalak aynan shu suma soʻzidan yasalgani oydinlashadi.
Qadimgi turkiy tilda -liq qoʻshimchasi bilan boshqa taomlar nomi ham yasalgan. Yodingizda boʻlsa, shashlik soʻzi sishliq – shishliq – shashlik shaklida oʻzgargani haqida ham aytgan edik.
Sumalak forcha samanu, sumanak soʻzidan hosil boʻlgan degan qarash ham bor.
@oriftolib | Sahifalarimiz
Post #2804
7.33K