Vokzal – yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatiladigan bino va binolar yigʻindisi. U inglizcha Vauxhall – Voks koshonasi, Voks zali soʻzidan olingan. Oʻzbekchaga rus tili orqali kirgan. London atrofida Vauxhall nomli shaharcha va shu nomdagi ommaviy bogʻ boʻlgan. XVII asr oʻrtalaridan bu soʻz turdosh otga aylanib, omma uchun moʻljallangan bogʻ va sayilgohlarni ifodalashni boshlagan.
Inglizcha toponim tarixi uzoq XIII asrga borib taqaladi. Ingliz qiroliga xizmat qiluvchi normand qoʻmondoni Folk de Breat boy bir ayolga uylanadi. Unga katta yerlar meros qolgandi. Bu joydagi mulklar Faukes hale deb atala boshlanadi. Keyinchalik ushbu hududda paydo boʻlgan qishloq ham shu nomni oladi. XVII asrda bu yerlarga Jeyn Voks ismli ayol egalik qiladi. Natijada nom ham biroz oʻzgarishga uchraydi: Voksʼhol.
Vokzal soʻzining temiryoʻl stansiyadagi bino maʼnosi 1838-yili qurilgan Pavlov vokzali bilan bogʻliq. Unga “Voksal” deb nom berishadi. Vaqt oʻtib bu soʻz har qanday transport stansiyasi binosiga nisbatan ishlatila boshlaydi.
Rus tilida dastlab foksal shaklida qoʻllangan bu soʻz keyinchalik vokzalga aylanadi. Mutaxassislar fikricha, bunday oʻzgarish zal soʻzi taʼsirida yuz bergan.
#Mashhur_eponimlar
@oriftolib | Sahifalarimiz
Post #2149
4.06K