TGViewer
Orif Tolib Orif Tolib @oriftolib · 15.1K subscribers
Post #2080 4.49K
​Read between the lines

Tarjimada eng qiyini – iboralarni oʻgirish. Chunki biror harakat va holatni ifodalovchi ibora boshqa bir tilda umuman boʻlmasligi ham mumkin. Inglizchadan tarjima qilingan bir matn tahririda shunday holatga uchradim. Inglizcha read between the lines iborasini tarjimon qatorlar orasidan oʻqing deb tarjima qilibdi. Soʻzma-soʻz shunday, lekin oʻzbekchada bu soʻzlar koʻzlangan maʼnoni mutlaqo ifodalamaydi.

Kembrij lugʻatiga koʻra, bu ibora biror kishining aytgan gapi yoki yozganlaridan uning haqiqiy his va niyatlarini anglab olishni bildiradi. Boshqa taʼrifga asosan, bevosita aks etmagan, lekin soʻzlar orasiga jo boʻlgan maʼnoni tushunib olishni ifodalaydi.

Rus tilida bu iboraga shaklan mos chitat mejdu strok degan ibora bor. Maʼnosi inglizcha idioma bilan bir xil. Nazarimda bu ibora rus tiliga ancha oldin kirgan, chunki Pushkin ham uni ishlatgan ekan.

Xoʻsh, uni oʻzbekchaga qanday tarjima qilish kerak? Oʻzbekchada aynan shu maʼnoni ifodalovchi ibora yoʻq, lekin mazmunni bemalol aks ettirish mumkin. Oʻrniga qarab bu iborani magʻzini chaqmoq, payqamoq, uqmoq, fahmlamoq, asli maʼnoni oʻqimoq kabi soʻzlar bilan oʻgirish mumkin.

Men tahrir qilgan matnda bu ibora ichki sarlavha boʻlib kelgan. “Qatorlar orasidan oʻqing” deb tarjima qilingan jumlani “Mohiyatni his qiling” deb tahrirladim. Chunki bu yerda bola bergan savollar aslida nimani anglatishi va shunga koʻra ish tutish haqida soʻz boradi.

👉 Bu iborani yana qanday oʻgirish mumkin deb oʻylaysiz? Tarjima jarayonida shunday holatlarga duch kelganmisiz? Izohlarda qoldiring.

P. S.
Imkoni boʻlsa, iborani ibora, maqolni maqol bilan oʻgirish kerak. Imkoni yoʻq holatlarda esa mazmunni berish zarur. Oʻzbekchadagi juda koʻp ibora va tushunchalarni ham boshqa tillarda ifodalash qiyin. Buni oʻzbekchadan oʻgiradigan tarjimonlar yaxshi biladi. Oʻzbekchaga tarjima qiladigan odamga baʼzan oʻzbek tili ojizdek koʻrinishi mumkin. Aslida bunday emas. Har qanday tilga oʻgirayotgan tarjimon qiyinchilikka uchraydi va bu tabiiy.

@oriftolib | Sahifalarimiz
  • 👍 30
  • 🔥 3
  • 😱 1
  • 😢 1
More from @oriftolib
  1. Sep 25, 2026Navoiy “Kulliyot”ining nodir faksimile nusxasi Oʻzbekistonga keltirildi Alisher Navoiy “Ku…
  2. Sep 25, 2026🚀 20:30’da jonli efir boʻladi, rejangizga kiritib qoʻying! 🎤 Bugun 20:30’da shu kanalda…
  3. Sep 25, 2026Turk tili ustozi Gʻulomjon xoʻja (turk tilida ustozga hoca deb hurmat koʻrsatishadi) oʻquv…
  4. Sep 23, 2026Bolalar smartfonga emas, kitobga ham talpinishi mumkin Bolasiga kitob oʻqita olmay xunob b…
  5. Sep 18, 2026Post #4893
  6. Sep 18, 2026Bunisini eshitganmidinglar? Bunaqa gapni yana aytishning zarari yoʻq, menimcha. Bugungi lo…
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →