Vallomat kim?
Hozir blogerlar va internet foydalanuvchilari orasida urfga kirgan soʻzlardan biri – vallomatdir. Xoʻsh, u nima maʼnoni anglatadi?
Bu soʻz aslida vallamat soʻzining talaffuz variantidir. Vallamat esa valineʼmat soʻzining oʻzgargan shakli. U oʻzbek tilida 5 xil maʼnoga ega:
1️⃣ Oʻziga qaram kishilarni moddiy jihatdan taʼminlab turuvchi, ularga neʼmat beruvchi shaxs.
2️⃣ Elning kattasi; boshliq, amaldor.
3️⃣ El xizmatida boʻlgan; saxiy (shaxs haqida).
4️⃣ Koʻchma maʼnoda: mard kishi; mard.
5️⃣ (3-shaxs qoʻshimchasi bilan – vallamati) Man-man degani, har qandayi.
Hozir tilda soʻzning beshinchi maʼnosi urf boʻlgan:
Vallamati ham dunyoga ikki marta kelmaydi-ku, hammaga ham jon shirin.
X. Sultonov, Onamning yurti.
Bugun-erta menga suv tegadigan. Ma, mendan boshqa vallamati aytsayam, berma!
S. Siyoyev, Yorugʻlik.
Lekin bugun ayni maʼnoda soʻzga baʼzan egalik qoʻshimchasi qoʻshilmayapti:
Oyogʻi yerdan uzilgan vallomatlar yaxshi bilib olsin, uzun tashlangan arqon oxiri tortiladi!
Ana, yana bitta vallomat, oʻzicha qonun-qoida yasab olgan.
Eʼtibor bergan boʻlsangiz, hozir jonli tilda vallamat shakli deyarli qoʻllanmayapti. Biroq uni bu shaklda yozish ham xato emas.
📌 Demak:
Vallamat, vallomat ✅
@oriftolib | Sahifalarimiz
Post #1972
5.82K
- 👍 48
- 😁 4
- 🎉 2