Haqqi va haqi
Haq soʻzi ham izohli lugʻatda haq(q) shaklida berilgan. Soʻzga qoʻshimchalar qoʻshilgandagina bir -q orttiriladi, qoʻshimchalarsiz, alohida shaklda haqq tarzida ishlatilmaydi. Lugʻatda aytilishicha, uchinchi shaxs egalik shaklida haqqi koʻrinishida ham qoʻllanadi. Ammo unday emas. Boshqa shaxslarda ham haqqi varianti kelishi mumkin:
Sakkiz soat progul qilgan odamga hech narsa demaslikka mening haqqim yoʻq. (I shaxs)
S. Zunnunova, Koʻk chiroqlar.
Men sizga oʻgʻilman, farzandingizman. Urishishga, soʻkishga, tergashga haqqingiz bor. (II shaxs)
S. Ahmad, Qadrdon dalalar.
Yetimning haqqini yeyish – ogʻir gunoh. (III shaxs)
👉 Yuqoridagi kabi oʻrinlarda muharrir va musahhihlar baʼzan bitta undoshni qisqartiradi. Imlo qoidalariga moslashadi. Chunki bu oʻzakdan keyin tovush orttirish qoidada yoʻq. Biroq bir narsani yodda tutish kerak: har qanday grammatika yoki imlo qoidalari eng birinchi galda mazmunni ifodalashga xizmat qilishi zarur.
Haqim, haqimiz, haqing, haqingiz, haqi deb ishlatish xato emas. Ammo bunda soʻzdagi haq-huquq, haqdorlik maʼno nozikliklari aks etmay qoladi.
Peshona terim bilan ishlab topgan haqimni soʻrayapman!
Bu gapda ish haqi maʼnosi bor, xolos.
Peshona terim bilan ishlab topgan haqqimni soʻrayapman!
Bunda ish haqidan tashqari, ulush, haqdorlik, munosiblik, egalik kabi maʼno qirralari ham ifodalangan.
Ayrim holatlarda -u bogʻlovchisi qoʻshilganda ham tovush orttirishi mumkin:
Boshimga Hazrati Alining muborak zulfiqorlari kelganda ham, haqqu haqiqatdan yuz oʻgirmoq odatim yoʻq.
A. Qahhor, Tobutdan tovush.
👉 Haddi va hadi
👉 Hissi va hisi
@oriftolib | Sahifalarimiz
Post #1887
4.53K
- 👍 5