TGViewer
Orif Tolib Orif Tolib @oriftolib · 15.1K subscribers
Post #1427 2.48K
Islohtalab qoidalar: -ganda va vergul

Nashrlarda tez-tez koʻzga tashlanadigan, hatto punktatsiya haqidagi qoʻllanmalarga qoida sifatida kirgan bir holatga eʼtibor qaratamiz. Mavjud tartibga koʻra, gapda -gan qoʻshimchasi bilan yasalgan va oʻrin-payt kelishigi qoʻshimchasini olgan sifatdoshlar oʻziga tobe soʻzlar bilan kengayib kelganda ulardan keyin vergul qoʻyiladi:

Yoz kelganda, sinfdoshlar bilan birga toqqa sayohatga chiqmoqchimiz.

Men shu oʻrinda vergul mutlaqo ortiqcha deb hisoblayman. Nega? Vergul feʼllar bilan odatda ish-harakat ketma-ketligida, bir harakat ikkinchisidan keyin roʻy berishi anglashilgan holatlarda ishlatiladi:

Yoz kelgach, sinfdoshlar bilan birga toqqa sayohatga chiqmoqchimiz.

Yoz kelib, taʼtil boshlansa, sinfdoshlar bilan birga toqqa sayohatga chiqmoqchimiz.

Yuqoridagi ikki gapda bir harakatdan soʻng boshqasi amalga oshyapti. -ganda qoʻshimchali gap qurilishlarida bu holat kuzatilmaydi. Bunda bir paytdagi ish-harakat anglashiladi. Solishtiring:

Yozda sinfdoshlar bilan birga toqqa sayohatga chiqmoqchimiz.

Yoz kelganda sinfdoshlar bilan birga toqqa sayohatga chiqmoqchimiz.

Tepadagi ikki gapning mazmun-mohiyati bir xil. Yozda va yoz kelganda qachon? soʻrogʻiga javob boʻlyapti. Ish-harakat birinma-ketin emas. Endi -ganda qoʻshimchasi oʻrniga shu maʼnoni ifoda etuvchi soʻzni qoʻyib koʻramiz:

Yoz kelgan payt sinfdoshlar bilan birga toqqa sayohatga chiqmoqchimiz.

Bu gapda vergul kerak emasligi yaqqol koʻrinib turibdi. Uning qoʻshimchali shaklida ham vergul ortiqcha.

-ganda qoʻshimchali feʼldan keyin umuman vergul ishlatmaslik kerakmi? Yoʻq, vergul qoʻyiladigan bitta holat bor. Feʼl shart mazmunini ifodalganda vergul talab qiladi:

Agar hozir yoz boʻlganida, toqqa sayohatga chiqardik.

Nega bu oʻrinda vergul kerak? Chunki bu yerda bir harakat bajarilishi uchun boshqa harakat shart qilib qoʻyilyapti. Gapning hozirgi zamon shaklida ham vergul ishlatamiz:

Agar havolar isib ketib, yoz erta kelsa, toqqa sayohatga chiqamiz.

Punktuatsiya qoidalariga koʻra, shart maʼnosidagi qoʻshma gaplar vergul bilan ajratiladi.

Biz oʻrgangan misoldagiga oʻxshash holatlarda vergul ishlatilishi qatʼiy qoidaga aylanmagan. Juda koʻp nashriyotlar, gazeta-jurnallar, elektron nashrlar shunday bahsli oʻrinlarda oʻz qoidalariga amal qiladi. Bunday tartib koʻpincha muharrirlarning shaxsiy tanlovi, qarashlariga koʻra oʻrnatiladi. Bu esa qoidalar islohga muhtoj ekanining yana bir belgisidir.

Moʻjiza roʻy berib, lotin alifbosi islohi tez orada yakuniga yetsa, imlo va punktuatsiya qoidalarini, lugʻatlarni ham jiddiy koʻrib chiqish kerak. Bu jarayonda jamoatchilik, ayniqsa, mutaxassislarning fikri inobatga olinishi zarur.

📌 Tilshunoslar, muharrir va musahhihlar, boshqa soha mutaxassislari bu borada oʻz taklif va mulohazalarini bildirsa, nur ustiga nur boʻlardi. Mutasaddilar va hurmatli olimlarimiz bunday fikrlarga xayrihohlik bilan yondashadilar degan umiddaman.

@oriftolib | Sahifalarimiz
Telegram Orif Tolib Odatda: vergul kerakmi yoki yoʻq? Odatda soʻzidan soʻng vergul ishlatilgan holatlar koʻp koʻzga tashlanadi. Aslida bu soʻz vergul talab qilmaydi. Ushbu soʻz ravish turkumiga oid va odat boʻyicha, odatga koʻra degan maʼnoni anglatadi. Kirish soʻz yoki modal…
  • 👍 3
More from @oriftolib
  1. Sep 26, 2026“Bu gʻirt SI-ku!”: Yoshlar nega sunʼiy intellektni haqorat soʻziga aylantirdi? Britaniya v…
  2. Sep 25, 2026Navoiy “Kulliyot”ining nodir faksimile nusxasi Oʻzbekistonga keltirildi Alisher Navoiy “Ku…
  3. Sep 25, 2026🚀 20:30’da jonli efir boʻladi, rejangizga kiritib qoʻying! 🎤 Bugun 20:30’da shu kanalda…
  4. Sep 25, 2026Turk tili ustozi Gʻulomjon xoʻja (turk tilida ustozga hoca deb hurmat koʻrsatishadi) oʻquv…
  5. Sep 23, 2026Bolalar smartfonga emas, kitobga ham talpinishi mumkin Bolasiga kitob oʻqita olmay xunob b…
  6. Sep 18, 2026Post #4893
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →