#jurnal #fiqra
“Bobolar izidan...” uch-to‘rt ming chaqirim yo‘l bosib, goh piyoda, goh ulovda yurib, goh uyda, goh yaylovda tunab, murodimiz hosil bo‘lib, safarimiz qarib, Toshkentga uchar chog‘i Qiziljar (xakascha: Хызыл чар; ruscha: Красноярск) aeroportida bir yurtdoshimiz bilan suhbatlashib qoldik. U bepoyon o‘lkaning yana shuncha ming chaqirim olisdagi go‘shasidan ishlab qaytayotgan ekan.
Yurakda ekspeditsiya taassurotlari hali qaynab turibdi, jo‘shib gapirib beryapmiz-u, akaning ko‘zlari pirpirab, miyasida savollar g‘ujg‘on o‘ynayotgani seziladi: Nima foyda? Indamaygina tirikchiligini qilib yursa bo‘lmaydimi? Pul topib, aql topmagan sayyohlarmikan?.. Maqsadimizni tushunmadi, rosti. Axiyri: “Bu yurishlaringni davlat ko‘taradi-da?” deya so‘radi beozorgina.
Xalqimiz davlat budjetiga savol qo‘yishni o‘rgana boshladi. Biroq ko‘pincha ho‘l-u quruqni baravar yoqib yuboramiz. Millatni millat qilib turadigan, o‘zagimizni o‘stiradigan loyihalarga xarajatni umuman ortiqcha hisoblaymiz. Vatandoshning muloyim savoli tagma’nosini tushundik, albatta. Safar xarajatlarini ko‘ngilli tadbirkor to‘laganini aytganimizda esa tamoman lol qoldi: shunaqa boylarimiz ham bormi hali?..
Endi mening miyamda savollar g‘ujg‘on o‘ynay boshladi: kimligimizni, maslagimizni qanday tushuntirsam ekan?
...Qadimda Zarafshon daryosiga kigiz tashlab qo‘yishgan, tog‘lardan oqib kelayotgan oltin zarralari yungga ilashib qolgan. Keyin olovda ma’danni eritib olishgan. Ziyoli o‘sha kigizga o‘xshaydi, shaxsiy tirikchiligini ko‘pam o‘ylamaydi. O‘zi yonib kul bo‘lsa-da, millatni oltin yombiga aylantirish uchun yashaydi...
Yo‘q, tarixdan timsol keltirishim havoga uchsa kerak, chunki tilla deyishim bilan yurtdoshimning qulog‘iga boshqa gap kirmasligi tayin. O‘sha daryo qayerda edi, haliyam kigiz tashlab ko‘rsa bo‘lmasmikan, deb surishtirishi ham mumkin, qaytanga.
...Agar usta bo‘lsangiz, imorat solishdan oldin tarhini taxminan tosh bilan belgilaysiz, keyin qoziq qoqib chiqasiz, keyin ularni chilvir bilan birlashtirasiz, keyin poydevor tashlab, devor ko‘tarib, tom yopasiz. Bobolar qoqib ketgan qoziqlarni biz ip bilan bir-biriga tutashtirib yuribmiz, desammi? Galdagi ishlarni bajaradigan er yigitlar ham chiqib qolar...
Mana, suvog‘i bizning qo‘limizdan keladi, metr kvadratiga qanchadan berasizlar, deb xizmatini taklif qilsa-ya?..
Bugungi o‘z foydasini ko‘zlayotgan yurtdoshimdan xafa bo‘lishga haqqim yo‘q. U ham aslida bolalari uchun “kigiz” vazifasini o‘tayapti. Otasidan qolgan hovlini bo‘lib-bo‘lib tom solayotgandir o‘g‘illariga. Ertangi umummilliy foyda haqida qayg‘urishni, millat imoratini baland ko‘tarishni esa bir hovuch ziyolilarga “ishongan”.
– Biz ishlayotgan joyda boshqacha xalqlar bor, kam sonli. Ular ba’zida o‘z tilida gaplashsa, hayron bo‘laman, o‘zbek tiliga o‘xshab ketadi, – deb qolsami?
– E, bormisiz, aka? Mana shu iz bo‘ladi, bobolar izi shu! Haligi tosh, qoziq deganim ham shu! Faqat hozir hammamiz o‘z-o‘zimizcha yashayapmiz, o‘z kunimga o‘zim omon bo‘lay deb yashayapmiz...
Iz bo‘lmasa, biz bo‘lmaymiz.
Izlar qo‘shilib yo‘l bo‘ladi.
Suvlar qo‘shilib sel bo‘ladi.
So‘zlar qo‘shilib el bo‘ladi.
O‘zlar qo‘shilib biz bo‘lamiz.
Biz bo‘lamiz!
“Til va adabiyot ta’limi” jurnalining 2026-yil 5-soniga kirishso‘z
🗄Farrux Jabborbek
Post #1666
876

