Yuqoridagi fikrimdan keyin
Ulug’bek aka Standford Universiteti o’qituvchisi
Graham Weaver leksiyasini yubordi. Ko’rib mazza qildim, olgan xulosalarimni shu yerda bo’lishmoqchiman.
Graham Weaver o’zi kim? Alpine Investors nomli private equity kompaniyasining asoschisi va 24 yildan beri Stanfordda dars beradigan o'qituvchi.
Ikki og’iz gap bilan aytadigan bo’lsam, muvaffaqiyatga erishish mumkin, lekin buning uchun o’zingizni qiynab, yillab umringizni ish uchun sarflash shart emas.
Asosiy muammo —
"yetib borsam hammasi yaxshi bo'ladi" xatosi
Weaver o'z hayotidan misol keltiradi, maktabda universitetga kirish uchun, universitetda Wall Streetga yetish uchun shoshildi, keyin haftasiga 100 soat ishlab kompaniya ochdi. Muammo maqsadlarda ham, mehnatda ham emas edi — muammo shundaki, u o'zini o'zi yoqtirmasdi va doim
"qachondir yetib boraman, o'shanda hammasi joyiga tushadi" deb yashardi.
Keyin eng qiziq joyi, kompaniyasi birinchi katta daromadini olganda, pul hisobiga tushdi-yu... hech narsa o'zgarmadi. Olti oy ichida u butunlay yo'qolgandek his qildi o'zini, doim charchagan, ba'zan ofis eshigini yopib sababsiz yig'lardi. Ma'lum bo'ldiki, u shuncha yil biror narsaga qarab yugurmagan — u
"sen yetarli emassan" degan ichki ovozdan qochib yurgan ekan.
Uning eng kuchli gapi
"Ichki qadr-qimmatni tashqi yutuqlar orqali izlash — chanqoqni sho'r suv bilan qondirishga o'xshaydi: faqat chanqog'ingni kuchaytiradi". Biz doim ikkita o'yin o'ynaymiz, tashqi o'yin (ish, pul, unvonlar) va ichki o'yin (o'zingiz bilan munosabatingiz). Hayot — tashqi maydonda o'ynaladigan ichki o'yin. Metakognitsiya degani — o'z fikrlaringiz haqida fikrlash. Bu meditatsiya, kundalik yozish, terapiya yoki shunchaki o'z o'ylaringiz bilan yolg'iz qolish orqali rivojlanadigan "muskul". Shu asosda u 3 ta amaliyot taklif qiladi.
1-amaliyot: "Murabbiyni ishdan bo'shating" (Fire the Coach)
Bu ichingizdagi tanqidchi ovoz haqida. Weaver metafora keltiradi: tasavvur qiling, bolalar beysbol o'yinida murabbiy 8 yashar bolaga "Yaxshi o'ynasang qadring bor, o'ynamasang — yo'q" deydi, va bola bu so'zlarni o'z hayot dasturiga aylantirib oladi. Ko'pchiligimiz o'zimizga xuddi shunday gapiramiz.
Ko'pchilik "o'zimga qattiqqo'lligim — motivatsiyam manbai" deb o'ylaydi. Lekin Weaver kompaniyasi eng katta zararini ko'rganda ichki ovozi uni faqat haqorat qilganini payqadi: "bu ichki murabbiy hech qachon g'oya, maslahat yoki yechim bermas ekan — u faqat bitta narsani ifodalar ekan: qo'rquvni. Yetarli emaslik qo'rquvi, muvaffaqiyatsizlik qo'rquvi". Va bu ovoz boshingizda qolib ketmaydi: u oilangizga qanday munosabatda bo'lishingizga, jamoangizga qanday ta'sir qilishingizga o'tadi. O'zingiz bilan munosabatingizdan yaxshiroq munosabatni boshqa hech kim bilan qura olmaysiz.
2-amaliyot: "Mixlarni sug'urib oling" (Pull Out Your Nails)
Bu mashhur "It's not about the nail" videosiga asoslangan metafora: ayol bosh og'rig'idan azob chekayapti, lekin peshonasida haqiqiy mix turibdi — u esa mixdan boshqa hamma narsa haqida gapiradi. "Mix" — bu energiyangizni so'rib olayotgan ish, hayotingizga zarar yetkazayotgan odat yoki muddati tugagan munosabat bo'lishi mumkin. Kechasi soat 2 da o'ylanib yotadigan narsangiz. Uni sug'urib olmasligimizning sababi doim bir xil: og'riqli!
Bu yerda u Olivia hikoyasini keltiradi: u to'ydan oldin yigitining ichkilikbozligini ko'rib, ichki sezgisi "bu munosabat noto'g'ri" deb ogohlantirgan, lekin taklifnomalar tarqatilgan, pullar to'langan edi — u ichki ovozini e'tiborsiz qoldirib turmushga chiqdi. Bugun o'sha 25 yoshli qiz 62 yoshda va o'sha nikoh — uning mixi — hayotining 37 yilini olib qo'ydi.
Mixni sug'urish jarayoni 3 bosqichdan iborat:
1) Mixingizni yashirin soyadan olib chiqing — uni tan oling va u haqda gapira boshlang.
2) Jamoa tuzing — do'stlar yoki terapevt bo'lsin, yolg'iz kurashmang.
3) Sug'urishga qat'iy qaror qiling — hayotingiz avval yomonlashishini bilsangiz ham.