🏛️ Farmatsevtika sohasida davlat xaridlari: tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
17-sentabr kuni Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligida mahalliy farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari ishtirokida “Farmatsevtika va tibbiyot sohasida davlat xaridlarining shaffofligini oshirish hamda tizimdagi yangiliklar” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Muloqot markazida farmatsevtika va tibbiyot yo‘nalishidagi davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilar duch kelayotgan amaliy muammolar, xarid jarayonlarini soddalashtirish, raqobat va shaffoflikni oshirish masalalari bo‘ldi.
Xususan, Vazirlar Mahkamasining 737-son qarori talablari asosida farmatsevtika mahsulotlari xaridlari uchun joriy etilgan “Farma.xarid.uz” axborot tizimidan foydalanishda yuzaga kelayotgan masalalar tadbirkorlar bilan batafsil muhokama qilindi.
Shuningdek, davlat xaridlarida kontrafakt, davlat ro‘yxatidan o‘tmagan, kelib chiqishi va sifati tegishli hujjatlar bilan tasdiqlanmagan dori vositalari xarid qilinishini cheklash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Tadbirkorlar xaridlarda ishtirok etishda bir xil hujjat va ma’lumotlarni takroran taqdim etish amaliyotini qisqartirish, litsenziya, sertifikat va ruxsat beruvchi ma’lumotlarni davlat axborot tizimlari integratsiyasi orqali avtomatik tekshirish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirdi.
Ochiq muloqot davomida tadbirkorlarning savollariga Agentlik direktori o‘rinbosari Jahongir Yunusov va soha mutaxassislari tomonidan tushuntirishlar berildi.
Bildirilgan muammo va takliflar tizimlashtirilib, ularni tegishli vazirlik va idoralar hamda elektron tizim operatori bilan birgalikda ko‘rib chiqish, zarur hollarda amaldagi mexanizmlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish belgilandi.
🌍Veb-sayt 🔹Telegram 🔹Instagram 🔹Facebook 📹Youtube X 🔹Linkedin
Post #1032
624




- 👍 3
- 🔥 2
- 👏 2