15-sentyabr kuni Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligida Agentlik rahbariyati hamda Malayziyaning O‘zbekistondagi elchisi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda davlat xaridlari tizimini takomillashtirish, mutaxassislar malakasini oshirish hamda sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Malayziya tomoni Agentlik mutaxassislari uchun maxsus ishlab chiqiladigan (tailor-made) o‘quv dasturini tashkil etishni taklif qildi. Dastur doirasida 2027-yilning I choragida Agentlikning 6–10 nafar mutaxassisi uchun davlat xaridlari islohoti, raqobatli xaridlar, shaffoflik va hisobdorlik, shuningdek, Malayziyaning ePerolehan elektron xaridlar tizimi bo‘yicha tajriba almashish ko‘zda tutilgan.
Sanoat kooperatsiyasi yo‘nalishida esa import o‘rnini bosish salohiyatiga ega 50 ta ustuvor mahsulot ro‘yxati asosida Malayziya Investitsiyalarni rivojlantirish agentligi (MIDA) orqali malayziyalik ishlab chiqaruvchilarni hamkorlikka jalb qilish, mahalliy korxonalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo va ishlab chiqarish aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Malayziya tomonining joriy yil dekabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro sanoat forumida ishtirok etishi yuzasidan kelishuvga erishildi.
🤝 Uchrashuv yakunida tomonlar davlat xaridlari va sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha ikkita alohida loyiha taklifini, shuningdek, keyingi amaliy ishlarni belgilab beruvchi Agentlik yo‘l xaritasini ikki kun ichida almashishga kelishib oldi.
🌍Veb-sayt 🔹Telegram 🔹Instagram 🔹Facebook 📹Youtube X 🔹Linkedin


