JALOLIDDIN RUMIYNING QUSH BO‘LIB UCHGANI
(Shoir va olim Mirzo Kenjabek hikoyasidan)
Yosh Jaloliddin yashaydigan qishloq tog‘ bag‘rida bo‘lib, uylar qush uyasidek tepaga qarab o‘rlab ketgan, har bir uyning tomi tepadagi qo‘shniga hovli vazifasini bajarardi. Olti yoshli Jaloliddin va uning o‘rtoqlariga tomlar bamisoli o‘yingoh edi. U tomdan bu tomga o‘tib, baqir-chaqir qilib o‘ynashar edi.
Bir kuni u tom bilan bu tomning o‘tishga qiyin oralig‘ida bolalar pastga tushib ketishdan qo‘rqib, to‘xtab qolishadi. Shunda Jaloliddin:
‒ Bu joydan it ham, mushuk ham sakrab o‘ta oladi. Qo‘rqoqlargina uddalay olmaydi. Dovyuraklar hov ko‘ringan osmon tomiga ham sakrashi mumkin, ‒ deydi ufqqa ishora qilib. Bolalar osmonning ham tomi bor, u hovlilar tugagan joydan keyin boshlansa kerak deb o‘ylashardi.
‒ Sen shunaqa botirmisan, osmonning tomiga chiqa olasanmi? ‒ so‘rashadi o‘rtoqlari.
‒ Chiqa olaman, ‒ deya ishonch bilan javob berdi Jaloliddin.
‒ Qanday qilib? – hayron bo‘lishdi ular.
‒ Mana bunday qilib, ‒ deb Jaloliddin qo‘llarini ikki yonga yozadi va ko‘m-ko‘k osmon bag‘riga o‘zini otib, bir zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi.
O‘rtoqlari uni osmon tomiga chiqib, qaytib tushishini kuta boshlashadi. Ha deganda undan darak bo‘lavermagach, ota-onasi Jaloliddin qani, deb so‘rashsa, nima deymiz, qush bo‘lib osmonga uchib ketdi, desak ishonishmaydi degancha yig‘lay boshlashdi. Shunda Jaloliddin osmon tomiga uchgan joyida yana paydo bo‘lib qoladi. Do‘stlari sevinganlaridan uni quchoqlab, bag‘irlariga bosishadi. O‘shanda Jaloliddin olti yoshli bolakay edi. Allohga va uning maloikalariga chin dildan ishongan bolakayni farishtalar osmoni falakka olib chiqib, yana qaytarib olib tushishgan edi. Buni Rumiy hazratlarining o‘zlari ham «shunday bo‘lgan edi» deb asarlarida yozib qoldirganlar.
Albatta, o‘shanda nima bo‘lgani, qanday amalga oshganining sir-sinoati va hukmi Allohning huzurida... Balki bu voqea Rumiyning kelajakda dunyo taniydigan mashhur olim bo‘lishiga Alloh tarafidan bir ishora bo‘lgandir. Yana Alloh bilguvchidir.
Post #1391
313
- 👍 5