Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasida eksportyor va importyor tadbirkorlar ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi
Unda bojxona boshqarmasi boshlig‘i N. Xashimova, mas’ul xodimlar, hamkor tashkilotlar vakillari hamda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari qatnashdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-avgustdagi PF-174-son Farmoni mazmun-mohiyati, bojxona sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda tadbirkorlar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyat va qulayliklar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, “Yangi O‘zbekiston bojxonasi – 2030” strategiyasi doirasida bojxona tizimini raqamlashtirish, inson omilisiz rasmiylashtirish ko‘lamini kengaytirish va xizmatlar sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, 2030-yilga qadar inson omilisiz bojxona rasmiylashtiruvi ulushini 60 foizga yetkazish, bojxona rasmiylashtiruvi vaqtini ikki barobar qisqartirish hamda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Farmonda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator muhim yengilliklar belgilangan. Xususan, invoys asosida import operatsiyalarida oldindan to‘lovni amalga oshirish imkoniyati, eksport tushumining kamida 50 foizini ta’minlash talabining bekor qilinishi hamda milliy valyutada qarzga eksport qilishga ruxsat berilishi shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, tovarlar eksportida bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya sertifikatini rasmiylashtirish, fumigatsiya xizmatlari va tovarning kelib chiqish sertifikatini olish bilan bog‘liq yig‘im hamda to‘lovlarni 30 foizga kamaytirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Ochiq muloqot davomida tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, taklif va mulohazalarini bildirdilar. Ko‘tarilgan masalalar yuzasidan mutasaddilar tomonidan tegishli tushuntirishlar berildi.
Bunday uchrashuvlar tadbirkorlar bilan ochiq va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va hal etish, shuningdek, bojxona sohasidagi islohotlar mazmunini keng tushuntirishga xizmat qiladi.



