O‘zbekiston bojxonasi Jahon bojxona tashkiloti Yevropa mintaqasi maslahatlashuvida ishtirok etdi
2026-yil 6-oktabr kuni Jahon bojxona tashkiloti (JBT) tomonidan 2028–2031-yillarga mo‘ljallangan Strategik rejani ishlab chiqish doirasida Yevropa mintaqasining Environmental Scan 2027 bo‘yicha virtual maslahatlashuvi o‘tkazildi. Yig‘ilishga JBT Bosh kotibining o‘rinbosari Ricardo Treviño Chapa raislik qildi.
Unda JBT Yevropa mintaqasiga kiruvchi 52 ta bojxona ma’muriyatining vakillari, jumladan, bir qator bojxona xizmatlari rahbarlari ishtirok etdi. Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi, Ozarbayjon, O‘zbekiston, Portugaliya, Belgiya, Ispaniya, Bolgariya, Niderlandiya, Nervegiya, Irlandiya va boshqa bojxona ma’muriyatlari vakillari muhokamalarda faol qatnashdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi nomidan rasmiy vakil, O‘zbekiston Respublikasining Belgiyadagi Elchixonasi maslahatchisi Lazizbek Atoyev ham tadbirda ishtirok etib, O‘zbekistonning bojxona sohasini rivojlantirish, shuningdek, JBTning 2028–2031-yillarga mo‘ljallangan Strategik rejasiga oid taklif va ustuvor yo‘nalishlarini taqdim etdi.
Muhokamalar davomida bojxona sohasini raqamlashtirish, savdoni yengillashtirish, elektron tijorat, ma’lumotlar almashinuvi, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik va xalqaro hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston tomoni, transchegaraviy elektron tijoratni rivojlantirish, bojxona organlari o‘rtasida axborot almashinuvini kengaytirish hamda bojxona nazoratidan keyingi audit yo‘nalishlarida xalqaro standart va mexanizmlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi.
Mazkur maslahatlashuv O‘zbekistonning xalqaro bojxona hamkorligini rivojlantirish va zamonaviy bojxona standartlarini shakllantirishdagi faol ishtirokining navbatdagi amaliy ifodasi bo‘ldi.
Post #75024
1.42K


