Bojxona qo‘mitasi Raisi A.Mavlonov “Yallama” va “Sirdaryo” chegara bojxona postlarida bo‘ldi
Mamlakatimiz tashqi savdo ko‘rsatkichlarining o‘sib borayotgani o‘zbek-qozoq chegarasi orqali harakatlanayotgan yuk avtotransport vositalari oqimining muntazam oshishida namoyon bo‘lmoqda.
Masalan, ikkala davlat chegara bojxona postlari orqali bundan 5 yil avval sutkasiga o‘rtacha 944 ta yuk avtotransport vositalari harakatlangan bo‘lsa, 2025-yil yakuniga kelib bu raqam 2,3 barobarga oshib, sutkasiga 2181 tani tashkil qildi.
2026-yilda O‘zbekiston-Qozog‘iston chegara bojxona postlari orqali harakatlanayotgan yuk avtotransport vositalari soni oyma-oy oshib borib, sentyabr oyining o‘zida kuniga 2,8 mingtani tashkil qildi.
Masalan, «Yallama» chegara bojxona posti orqali sentyabr oyining o‘tgan davrida 30 mingdan ziyod yuk avtotransport vositalari harakatlangan. Bu postdan sutkasiga o‘rtacha 1027 ta, har daqiqada esa o‘rtacha 1 ta yuk avtotransport vositasi o‘tib-qaytayotganini anglatadi.
Postga eltuvchi yo‘llar va tutash hududda avtotransport vositalari tirbandliklarining oldini olish maqsadiga 2022-yilda «Yallama» bojxona terminali foydalanishga topshirilgan edi.
O‘sha yili post orqali o‘rtacha 500 ta yuk avtotransport vositasi harakatlangan bo‘lsa, hozirda bu raqam 2 barobarga oshdi. Shu boisdan, vaqti-vaqti bilan mazkur postga tutash ichki yo‘llar va M39 yo‘lida yuk mashinalarining navbatlari kuzatilmoqda.
Mazkur holatni bartaraf etish maqsadida Bojxona qo‘mitasi Raisi «Yallama» chegara postiga tutash hududdagi tadbirkorlarning avtoturargohlaridan yuk avtotransport vositalarining vaqtinchalik to‘xtashi uchun foydalanish masalasini ko‘rib chiqdi. Xususan, ana shunday avtoturargohlardan biriga bir vaqtning o‘zida eksportga harakatlanayotgan 100 ta yuk mashinasini joylashtirishga kelishib olindi. Avtotransport vositalari turargohda turgan vaqtida bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlari paralel ravishda olib boriladi.
Natijada, 26-sentyabr sanasida soat 15.00 ga borib, «Yallama» postiga tutash hududda yuk mashinalarining navbatlari to‘liq bartaraf etildi.
Post #74464
1.61K



