Muzey hamda Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda olimlar, arxeologlar, soha vakillari, xorijiy sayyohlar va mehmonlar ishtirok etdi.
Ko‘rgazmada bojxona xodimlari tomonidan ushlab qolingan tarixiy ashyolar namoyish etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar madaniy merosni asrash, tarixiy boyliklarning noqonuniy olib chiqilishiga yo‘l qo‘ymaslik va ularni ilmiy o‘rganishning ahamiyatiga to‘xtaldi. Bu borada bojxona organlari, muzeylar hamda mutaxassislar hamkorligi muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Ko‘rgazmadagi qadimiy tangalar, taqinchoqlar va boshqa buyumlarning qadri moddiy qiymati bilangina o‘lchanmaydi. Ulardagi tasvir, yozuv va bezaklar o‘tmish hayotidan ma’lumot beruvchi manbalardir. Ularni tadqiq etish hunarmandchilik an’analari, savdo aloqalari va madaniy hayotga oid bilimlarni boyitishga xizmat qiladi.
Bojxonachilarning hushyorligi tufayli asrab qolingan har bir tarixiy buyum — ilm-fan uchun tadqiqot manbai, muzey uchun qimmatli eksponat, yoshlar uchun esa o‘tmishni anglash imkoniyati. Birgina ashyo ortida hali o‘qilmagan yozuv yoki ochilmagan tarixiy ma’lumot bo‘lishi mumkin.
Mazkur ko‘rgazma bojxona xodimlarining milliy meros muhofazasiga qo‘shayotgan hissasini namoyon etib, yurtdoshlarimiz va xorijiy mehmonlarga tarixiy boyliklarimiz bilan yaqindan tanishish imkonini yaratdi.






