Bojxona qoʻmitasida Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) hamda “Alfakon Systems” konsalting kompaniyasi vakillari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda bojxona organlarida ISO 37001:2025 — xalqaro standartlar asosida korrupsiyaga qarshi samarali boshqaruv tizimini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz Rahbarining 2022-yil 12-yanvardagi PQ-81- son qarori bilan joriy etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi reytingida baholashning asosiy obyekti sifatida davlat tashkilotlarida korrupsiyaning oldini olish boʻyicha xalqaro standartlarning samarali joriy etilganligi hamda amaliyotga tatbiq qilinganligiga eʼtibor qaratiladi.
Shu maqsadda joriy yilning avgust oyidan boshlab Bojxona qoʻmitasi tomonidan ISO 37001:2025 “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimlari – Foydalanish boʻyicha xalqaro talablar va tavsiyalar” xalqaro standarti talablarini oʻrganish va amaliyotga joriy etish boʻyicha bosqichma-bosqich ishlarga kirishilgan.
Bu esa oʻz oʻrnida korrupsiyaning oldini olish, korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash va boshqarish, shuningdek, tashkilotlarda shaffof va samarali ichki nazorat mexanizmlarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bundan asosiy maqsad – korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashish emas, balki uning oldini olishga qaratilgan tizimli, shaffof va samarali boshqaruv mexanizmlarini yanada takomillashtirishga qaratilmoqda.
ISO 37001:2025 talablarining amaliyotga joriy etilishi Bojxona qoʻmitasida korrupsiyaga qarshi komplayens tizimini xalqaro yondashuvlar asosida rivojlantirish va institutsional mexanizmlarni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Uchrashuvda tomonlar bojxona organlarida korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha amaldagi tizimning xalqaro standartga muvofiqligi hamda nomuvofiq tartibotlarni esa bartaraf etish mexanizmlarini tahlil qilishdi. Shuningdek, uchrashuvda hududiy bojxona boshqarmalari xodimlari ham onlayn tarzda ishtirok etishdi.








