Lutfiy ko‘chasida mikromobillik uchun alohida yo‘lak sinovdan o‘tkazildi — bu tajribani boshqa ko‘chalarda ham qo‘llash rejalashtirilmoqda🚲 Velosipedlar, elektrosamokatlar, skuterlar va boshqa mikromobillik vositalari shahar harakatining tobora faol ishtirokchisiga aylanib bormoqda. Bu, ayniqsa, shaxsiy transport vositalaridan foydalanuvchilar hamda yetkazib berish xizmatlari soni ortib borayotgani fonida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
Biroq ular uchun alohida infratuzilma mavjud bo‘lmaganda tabiiy muammo yuzaga keladi: mikromobillik vositalari foydalanuvchilari yo‘lning qatnov qismida avtomobillar bilan, trotuarlarda esa piyodalar bilan bir makonda harakatlanishga majbur bo‘ladi.
🚗🚶 Bir hududda turli tezlikda harakatlanish esa barcha uchun — piyodalar, haydovchilar, shuningdek, velosiped, samokat va skuter foydalanuvchilari uchun ham noqulaylik tug‘diradi.
🛴 Ushbu oqimlarni bir-biridan ajratish va har bir harakat ishtirokchisi uchun alohida makon yaratish maqsadida
Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tomonidan Lutfiy ko‘chasining
2.4 kilometrlik qismida mikromobillik vositalari uchun alohida harakatlanish yo‘lagi sinov tariqasida tashkil etildi.🚲 Mazkur yo‘lak velosipedlar, elektrosamokatlar, elektroskuterlar va boshqa mikromobillik vositalari uchun mo‘ljallangan. Bunday yondashuv harakatni tartibga solish hamda transport va piyodalar oqimlarining o‘zaro kesishishini kamaytirish imkonini beradi.
📍
Lutfiy ko‘chasidagi pilot loyiha ijobiy natija ko‘rsatdi: yangi yechim foydalanuvchilar uchun qulay va tushunarli ekani, shuningdek, shahar sharoitida mikromobillik uchun alohida infratuzilma yaratish imkoniyatlarini amalda baholashga yordam bergani kuzatildi.
🛡 Kelgusi loyihalarda mikromobillik yo‘laklarining xavfsizligini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratiladi. Yo‘l sharoitidan kelib chiqib, bunday yo‘laklarni avtomobillar harakatidan maxsus delineatorlar, ajratuvchi va boshqa himoya elementlari yordamida jismonan ajratish ko‘zda tutilmoqda. Bu mikromobillik vositalari foydalanuvchilari uchun yanada xavfsiz harakatlanish muhitini yaratish va transport oqimlari bilan bevosita to‘qnashuv xavfini kamaytirishga xizmat qiladi.
🔹 Asosiy maqsad — avtomobillar o‘z oqimida harakatlanadigan, piyodalar trotuarda o‘zlari uchun qulay hududni saqlab qoladigan, velosipedlar va boshqa mikromobillik vositalari esa
alohida va xavfsiz yo‘nalishga ega bo‘ladigan aniq va tushunarli tizimni shakllantirishdir.🛣 Sinov natijalariga ko‘ra, Markaz mutaxassislari ayni paytda poytaxtning shu kabi yechimni qo‘llash mumkin bo‘lgan boshqa ko‘cha va hududlarini ham o‘rganmoqda.
🌆
Lutfiy ko‘chasida orttirilgan tajriba Toshkentda mikromobillik infratuzilmasini bosqichma-bosqich rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi — yo‘l sharoiti bunday yechimni barcha harakat ishtirokchilari uchun xavfsiz va qulay tarzda tashkil etish imkonini beradigan hududlarda.