Buxoro davlat universitetida “Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni ta’minlash: global chaqiriqlar va milliy yechimlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli anjumanda Buxoro viloyati IIB Ekspert-kriminalistika markazi rahbariyati va xodimlari ham ishtirok etishdi.
Tadbir doirasida inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, bu borada xalqaro tajriba va milliy amaliyotni uyg‘unlashtirish masalalari keng muhokama qilindi.
Konferensiya davomida Buxoro viloyati IIB Ekspert-kriminalistika markazi rahbari “Ekspert-kriminalistika faoliyatida inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash: xolislik, qonuniylik va adolat ustuvorligi” mavzusida ma’ruza qildi.
Ma’ruzada soha faoliyatida inson sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, dalillarni ilmiy asosda tadqiq etish, ekspert xulosalarining xolisligi hamda ishonchliligini ta’minlash, shaxsi daxlsizligi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Qolaversa, zamonaviy kriminalistik texnologiyalardan samarali foydalanish, ekspertlarning kasbiy mas’uliyatini oshirish hamda sud-ekspertlik amaliyotida qonuniylik tamoyillariga qat’iy rioya etishning ahamiyati ta’kidlab o‘tildi.
Qayd etilganidek, ekspert-kriminalistika faoliyatining samaradorligi nafaqat jinoyatlarni fosh etishda, balki dalillarni xolis baholash, asossiz gumonlarning oldini olish va odil sudlovni ta’minlashga ko‘maklashishda ham yaqqol namoyon bo‘ladi.
Bu kabi ilmiy-amaliy anjumanlardagi ishtirok xodimlarning huquqiy bilimlarini boyitish, kasbiy tajribasini yuksaltirish hamda inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan faoliyatni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
🇺🇿 Rasmiy sahifalarimizni kuzatib boring:
Sayt|Telegram|Facebook|Instagram|YouTube








