Jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish maqsadida Jondor tumani Ichki ishlar bo'limi Jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya guruhi tomonidan muhim profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, probatsiya hisobida turuvchi shaxslarni ijtimoiy hayotga moslashtirish maqsadida keng qamrovli manzilli o‘rganishlar tashkil etildi.
Asosiy e’tibor nazorat ostidagi shaxslarni sog‘lom hayotga qaytarish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratildi. Tadbir davomida tibbiy ko‘rikka muhtoj 4 nafar fuqaroning sog‘lig‘i holati o‘rganilib, ularga mutaxassislar ishtirokida bepul tibbiy xizmat ko‘rsatilishi ta’minlandi. Shu bilan birga, fuqarolarni doimiy daromad manbaiga ega qilish maqsadida hududda “Ishga marhamat” mehnat yarmarkalari tashkil etilib, uning doirasida 5 nafar ishsiz shaxsning bandligi ta’minlandi va ularga munosib ish o‘rinlari topishda amaliy yordam ko‘rsatildi.
Yoshlar o‘rtasida takroriy jinoyatlarning oldini olish ham doimiy e'tiborda. Shu maqsadda 16 nafar yoshlar ishtirokida maxsus psixologik treninglar olib borilib, ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi va sog‘lom turmush tarziga qaytishi uchun zarur tavsiyalar berildi.
Qonuniylik va insonparvarlik tamoyillari asosida, o‘z xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarib, qat’iy tuzalish yo‘liga o‘tgan 7 nafar shaxs sud ajrimi bilan muddatidan ilgari shartli ravishda jazodan ozod etildi. Biroq, qonun talablarini mensimagan va o'rnatilgan tartib-qoidalarni buzgan 1 nafar nazorat ostidagi shaxsga nisbatan qat’iy chora ko‘rilib, uning ozodlikni cheklash jazosi ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi.
Tadbirlar doirasida jinoyat sodir etish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar bilan tuman IIB rahbariyati tomonidan yakka tartibda profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, ularga qonunchilik talablari yana bir bor tushuntirildi. Tuman hududida kriminogen vaziyatni barqaror saqlashga qaratilgan bu kabi manzilli tadbirlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
🇺🇿 Rasmiy sahifalarimizni kuzatib boring:
Sayt|Telegram|Facebook|Instagram|YouTube









