Chempionlik kamarini saqlab turish, chempion bo'lishdan qiyinroq.
1. Ilgari startaplar uchun eng katta marra Product-Market Fit (PMF) topish va shundan so'ng xotirjam o'sish edi. Hozir bu yetarli emas. Ayniqsa, mahsulotingiz sun'iy intellekt (AI) bilan bog'liq bo'lsa. Hozir deyarli har qanday mahsulot AI mahsulotga aylanib bormoqda.
2. Nega hozir PMF topishning o'zi kamlik qiladi? Chunki texnologiyalar juda tez rivojlanyapti. Bugun siz muvaffaqiyatli AI servis yaratasiz, ertaga esa bu funksiya ChatGPT yoki Geminining ichidagi oddiy knopkaga aylanib qolishi hech gap emas.
3. Hozirgi davrda, hatto yirik startaplar ham xavf ostida. AI texnologiyasining o'zi raqobatchilardan himoya bo'la olmaydi. Bugun startapingiz 1 mlrd dollar daromadni ko'zlayotgan bo'lsa, ertaga bu ko'rsatkich 100 mln dollarga, indinga esa nolga tushishi mumkin. Agar kimdir siznikidan yaxshiroq AI yechim chiqarsa bozor sizni darrov unutadi.
4. Masalan, Gemini 3 chiqqan paytda, Twitterda ko'pchilik ChatGPT obunasini bekor qilganini yozishgan edi. Nano Banana 2 chiqqanida esa, hamma bir paytlar Midjourney degan servis bo'lganini esidan chiqarib yubordi. Vaholanki, o'sha davrlarda Midjourney o'z taxtidan hech qachon tushmaydigandek ko'ringandi.
5. Shuning uchun, bugungi kunda PMF statik nuqta emas, balki to'xtovsiz davom etadigan jarayon. Bozor har kuni o'zgarmoqda va siz mahsulotingizni shu o'zgarishlarga moslab to'g'irlashga majbursiz.
6. Yaqinda bir tadbirkor daromadlari tushib ketayotganidan shikoyat qildi. Qizig'i shundaki, u hamma narsani avvalgidek qilgani, hatto sifatni oshirganini ham ta'kidlagan edi. Muammo ham aynan shunda! Bozorda hamma doim harakatda, siz esa bir joyda turib kamon otmoqdasiz yoki otmoqchisiz.
7. Investor sifatida bir narsani aytishim mumkin, Biz endi "nimani qura oldingiz?" degan savoldan ko'ra, "o'zgarishlarga qanchalik tez moslasha olasiz?" degan savolga ko'proq e'tibor beryapmiz. Agar mahsulotingizni bir kechada yirik o'yinchilar oddiy funksiya bilan yo'q qilib yubora olsa demak sizda startap yo'q, shunchaki vaqtinchalik "wrapper" bor.
8. Agar o'z maxsulotingiz va bozoringizni topgan bo'lsangiz ham o‘zingizga eng muhim savolni bering: "nima uchun aynan hozir harakatlarimni tubdan o'zgartirishim kerak?" Ertaga boshqa raqobatchilaringiz uchun PMFni topib berishdan tashqari, boshqa nimalar bilan shug'illanishingiz kerak?
9. Xulosa bitta, PMFga erishib bo'lmaydi, unga har kuni qaytadan erishish kerak. Bugungi bozorda to'xtash bu shunchaki joyida turish emas, bu o'z ixtiyoringiz bilan bozordan chiqib ketishdir.
@ayakubofff
Post #671
2.32K
- 👍 9
- ❤ 2
- ⚡ 2
- 🏆 2
- 👏 1