Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi raisi – O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari va Prezident maslahatchisi rahbarligida respublika komissiyasining kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi.
Yoshlar ishlari agentligi va sohaga mas’ul vazirlik va idoralar, tijorat banklari hamda hududiy mas’ullar ishtirok etgan yig‘ilishda erishilgan natijalar, mavjud imkoniyatlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
• Bandlik va tadbirkorlik – yangi imkoniyatlar. Bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, banklarga ajratilgan moliyaviy resurslardan samarali foydalanish hamda tadbirkorlik tashabbuslarini keng qo‘llab-quvvatlash masalalariga e’tibor qaratildi.
• Ijtimoiy himoya – manzilli ko‘mak. “Yoshlar daftari” orqali yil boshidan 12 ming nafar ehtiyojmandga 27,2 milliard so‘m yordam ajratilgani qayd etildi. Yordam ko‘rsatish jarayonlarini yanada jadallashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
• Huquqbuzarliklar profilaktikasi – ijobiy dinamika. Joriy yilning to‘qqiz oyida yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni o‘tgan yilga nisbatan 24 foizga kamaygani ta’kidlandi. Bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish orqali profilaktika ishlarini yanada takomillashtirish zarurligi bildirildi.
• Mahallalardagi faoliyat – samaradorlik va zamonaviy yondashuv. Respublika bo‘yicha 8 992 ta mahallada yoshlar yetakchilari faoliyati tizimli tahlil qilindi. Sohaga oid ma’lumotlarni yagona tizimga integratsiya qilish va natijadorlikni baholash masalalari muhokama etildi.
Yig‘ilish davomida tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlari eshitildi. Shuningdek, bandlikni kengaytirish, tadbirkorlikni rag‘batlantirish, mahallalarda manzilli ishlash tizimini takomillashtirish va idoralararo hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan taklif hamda tashabbuslar muhokama qilindi.
Asosiy e’tibor mavjud imkoniyatlarni aniq natijalarga aylantirish, har bir mahallada olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish va belgilangan vazifalarning amaliy ijrosini ta’minlashga qaratildi.
🕊Telegram 📸Instagram 📺YouTube 🌍 Linkedin 🌍Veb sayt






