Zafarobod tumanida Jizzax viloyati prokurori Baxtiyor Ibrohimovning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tuman hokimi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda mutasaddi tashkilotlarning viloyat va tuman darajasidagi mas’ullari ishtirok etdi.
Muloqotdan ko‘zlangan asosiy maqsad tadbirkorlarning faoliyati davomida yuzaga kelayotgan muammo va to‘siqlarni o‘rganish, ularning murojaatlarini tinglash hamda qonuniy yechim topishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning faoliyatiga asossiz aralashuvlarning oldini olish, biznes yuritish uchun qulay sharoitlar yaratish hamda mavjud muammolarni bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirkorlar o‘zlarini qiynayotgan masalalar va takliflarini ochiq bayon etdilar. Bildirilgan murojaatlarni tegishli tashkilotlar ishtirokida ko‘rib chiqish, ularning yechimi bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash va mas’ullar vazifalarini aniqlashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Ta’kidlanganidek, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash hudud iqtisodiy taraqqiyotining muhim omillaridandir. Buning uchun tadbirkorlarning muammolariga befarq bo‘lmaslik, murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va ularning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish zarur.
Muloqot yakunida ko‘tarilgan masalalarni hal etish, murojaatlar ijrosini ta’minlash va tadbirkorlar bilan tizimli muloqotni davom ettirish yuzasidan mas’ullarga tegishli vazifalar belgilandi.
Bunday ochiq muloqotlar tadbirkorlarning muammolarini joyida aniqlash, ularga amaliy yechim topish hamda tumanda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
📲https://gov.uz/oz/jizzax sayti va sahifalari:👇
Telegram|jizzaxviloyatihokimi|Facebook|YouTube|Instagram|ok.ru|@jizzaxuz_bot|X|
