Post #2110
1.4K







JIZZAX VA "BYD GROUP” O‘RTASIDA ISHLAB CHIQARISH QUVVATLARI KENGAYTIRILIB, YANGI INVESTITSIYA LOYIHALAR AMALGA OSHIRILADI
Jizzax viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoyga tashrifi doirasida Shenchjen shahridagi "BYD Group” kompaniyasi bosh qarorgohida kompaniya rahbariyati bilan uchrashuv va yigirmaga yaqin hamkor korxona vakillari ishtirokida biznes-forum o‘tkazildi.
🇺🇿Kanalga ulanish:
@jizzaxviloyatihokimi
Jizzax viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoyga tashrifi doirasida Shenchjen shahridagi "BYD Group” kompaniyasi bosh qarorgohida kompaniya rahbariyati bilan uchrashuv va yigirmaga yaqin hamkor korxona vakillari ishtirokida biznes-forum o‘tkazildi.
Muloqotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — Jizzaxda avtomobil sanoatini rivojlantirish, ishlab chiqarishni kengaytirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va yangi investitsiyalarni jalb etishdan iborat.
Uchrashuvda "BYD Uzbekistan” qo‘shma korxonasining ikkinchi bosqichini amalga oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Taqdim etilgan loyihaga ko‘ra, 2029-yilga qadar avtomobillar ishlab chiqarish hajmini yiliga 200 ming donaga yetkazish rejalashtirilgan.
Loyihaning keyingi bosqichida yiliga qo‘shimcha 50–100 ming dona avtomobil ishlab chiqarish, budjetga 714 milliard so‘m qo‘shimcha tushum ta’minlash, 300 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratish hamda 50 million dollarlik mahsulotni eksportga yo‘naltirish imkoniyatlari qayd etildi.
Kompaniya rahbariyati ishlab chiqarishni kengaytirish uchun amaldagi maydonga yaqin hududdan 60 gektar yer ajratish, ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va ishlab chiqarish hajmlarini oshirish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish yuzasidan takliflar bildirdi.
Viloyat hokimi loyihaning ikkinchi bosqichi Jizzax iqtisodiyotini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport salohiyatini oshirish va mahalliy korxonalar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Shuningdek, bildirilgan takliflarni shaxsiy nazoratiga olishini va ularni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishiga ko‘maklashishini ma’lum qildi.
Uchrashuvda Jizzax viloyati hokimi tomonidan hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, Sharof Rashidov tumanidagi 158 gektarlik avtomobil sanoatiga ixtisoslashtirilgan maxsus sanoat zonasiga «BYD Group” tarkibidagi korxonalar va ularning hamkorlarini jalb qilish, Jizzax kimo-industrial texnoparkida avtomobil ehtiyot qismlari va butlovchi buyumlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Shuningdek, tayyor avtomobillarni saqlash maydonlaridan samarali foydalanish maqsadida ko‘p qavatli avtoturargohlar tashkil etish, Jizzax viloyatida pilot loyiha sifatida 20 ta «BYD” elektr avtobusidan foydalanish, ularga xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish va kelgusida elektr avtobuslari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlarini o‘rganish tashabbuslari bildirildi.
Kompaniya rahbariyati ushbu takliflarni atroflicha o‘rganish va istiqbolli investitsiya loyihalarini jadallashtirishga qiziqish bildirdi. Uchrashuv yakunida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan kelishuv bitimi imzolandi.
Tashrif doirasida tashkil etilgan biznes-forumda "BYD Group” tarkibiga kiruvchi va u bilan hamkorlik qiluvchi yigirmaga yaqin kompaniya vakillariga Jizzax viloyatining investitsiyaviy salohiyati, sanoat zonalari imkoniyatlari, investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va istiqbolli loyihalar taqdim etildi.
Muloqotlarda avtomobil sanoati uchun ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar ishlab chiqarish, mavjud korxonalar bilan sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarish jarayonlarini mahalliylashtirish hamda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Forum yakunida kompaniya vakillarining yaqin kunlarda Jizzax viloyatiga amaliy tashrifini tashkil etish, sanoat zonalari va ishlab chiqarish maydonlari imkoniyatlarini joyida o‘rganish hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish mexanizmlarini belgilash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
🇺🇿Kanalga ulanish:
@jizzaxviloyatihokimi
- ⚡ 3
- 👍 3
- 💯 2
- ❤ 1
- 😍 1
- 🤗 1















