TGViewer
WordBridge WordBridge @wordbridge_uz · 270 subscribers
Post #114 339
Bir serial ko'rayotgan edim. Kichkinaligida ota-onasi vafot etgan bosh qahramon bolaligini, ota-onasi bilan birga o'tkazgan paytlarini har doim baxtli damlar sifatida eslab yurar edi. Ota-onasi bir-birini qattiq sevganini, kambag'al bo'lsalar-da, juda ko'p ishlagan bo'lsalar-da uni yaxshi ko'rib, doim yonlarida olib yurganlarini aytib yuradi.

Lekin kunlarning birida ba'zi sabablarga ko'ra u ota-onasining janjallashayotganini elas-elas eslab qoladi. Keyin o'tmishini titishni boshlaydi. Va aslida ota-onasi uning tug'ilishini xohlamaganini, uni boqishga qiynalib, qo'shniga berishganini, uni faqat ba'zi kunlari ishxonalariga olib ketib turishganini, shunda ham farzandlari oldida to'xtovsiz janjallashganlarini bilib qoladi.

U shu paytgacha ko'cha-ko'yda boshqa baxtli ota-onalarning farzandlari bilan suhbatlarini, birga o'ynaganlarini kuzatib bularni xuddi o'z ota-onasi bilan bo'lgan voqealardek xotirasiga muhrlaganini, boshqalarning xotiralari bilan yashab yurganini anglaydi. Uning dunyosi barbod bo'ladi. O'nglanishga qiynaladigan bo'lib yiqiladi.

Serialning ayni shu qismi menga juda qattiq ta'sir qildi. O'ylantirib qo'ydi. Biz har doim turli tashvishlar, orzular, rejalar bilan yugurib yuramiz, hali boylikning, hali muvaffaqiyat, hali shaxsiy rivojlanish-u, o'zlikni anglashning ortidan chopqillaymiz. Lekin nimadir bo'lib yiqilganimizda, qoqilganimizda, charchaganimizda, hammasi bir tiyinga qimmatdek, hammasi sarobdek tuyilganida oilamizga yuzlanamiz. Muhimi meni ota-onam sevadi deymiz. Bizni tergasalar, ursalar-so'ksalarda, lekin eng og'ir paytlarimizda, hech kimga kerak bo'lmaganimizda ular biz bilan qolishlarini his qilamiz. Ota-onasi dunyoni tark etganlar bo'lsa, hech bo'lmasa shu payt ota-onam meni tushungan bo'lardi degan tasalliga suyanadi.

Lekin, lekin kishi hatto ota-onasi tomonidan ham sevilmagan, qabul qilinmagan bo'lsachi, u kimga yuzlanadi? U tasallini qayerdan topadi. U qiyin paytlarida o'ziga nima deydi? Uni hayotga bog'lab turgan hech narsa qolmaganida u qanday qilib yana yashashda davom etadi?

Agar bizning hech narsamiz bo'lmasa, hatto ota-onamizga ham kerak bo'lmasak, unda aslida kimmiz? Nega yashaymiz? ...

Farzandlarimizning oldida ularni shunchaki sevishdek va bir-birini sevadigan ota-ona bo'lishdek juda ulkan mas'uliyatimiz bor. Bizning unga va bir-birimizga bo'lgan sevgimiz uning o'ziga va dunyoga bo'lgan munosabatini belgilaydi.
  • ❤ 15
  • 😢 4
  • 🔥 2
More from @wordbridge_uz
  1. Sep 14, 2026U ayolning ismini bilmasam ham, lekin ancha yaxshi kontent qilishini, ziyoli ekanini bilam…
  2. Sep 14, 2026Instagramda bir ayol aytyaptiki: "U sochini turmaklasa, o'ziga oro bersa eri uncha e'tibor…
  3. Sep 13, 2026Ashraf haqiqiy o'zbek. U nonni, go'shtni va qurutni sevadi. O'zimcha allambalo, "sog'lom"…
  4. Sep 12, 2026Odamlar ba'zida "hayotimni o'zgartirgan kitob, hayotimni o'zgartirgan kino, qo'shiq, maqol…
  5. Sep 11, 2026Biz kimningdir uyi o'ta toza, o'ta tartibli ekanini ko'rsak, bu odam juda sokin bo'lsa ker…
  6. Sep 11, 2026Sevimli mualliflarimdan biri Alain de Botton aytyaptiki, bizning tanlovlarimiz, kiyinish u…
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →