Sherzod Asadov Xalqaro paxta kuni anjumanida Shavkat Mirziyoyevning ishtirokchilarga yo‘llagan tabrigini o'qib eshittirdi
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Xalqaro paxta kuni hamda dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlangan anjumanlarda Shavkat Mirziyoyevning ishtirokchilarga yo‘llagan murojaatini o‘qib eshittirdi. Forumlarda 30 dan ortiq mamlakatdan olimlar, ekspertlar, tadbirkorlar va xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashmoqda.
Murojaatda O‘zbekistonda paxtachilik yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etilgan. Olimlarimiz tomonidan g‘o‘zaning 300 ga yaqin ertapishar navi yaratilgan, ekishdan hosilni yig‘ib olishgacha bo‘lgan jarayonlar mexanizatsiyalashtirilgan. Zamonaviy agrotexnologiyalar tufayli ayrim xo‘jaliklarda hosildorlik gektariga 100 sentnergacha yetmoqda.
Prezident iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va logistika zanjirlaridagi uzilishlar oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotganiga e’tibor qaratgan. Ayniqsa, dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan davlatlar uchun yuqori transport xarajatlari katta to‘siq bo‘lib qolmoqda. Shu bois O‘zbekiston oziq-ovqat savdosi va logistikasidagi cheklovlarni kamaytirish, yetkazib berish tartiblarini soddalashtirish tarafdori ekani ta’kidlangan.
Unda 2030-yilgacha oziq-ovqat ishlab chiqarishni 2 barobar, eksport va qo‘shilgan qiymatni 3 barobar oshirish maqsadi bayon qilingan. Buning uchun Markaziy Osiyo, dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan davlatlar va tranzit hamkorlarni bog‘laydigan oziq-ovqat hamkorligi dasturini ishlab chiqish, mahsulotlarni qayta ishlash, saqlash va tashish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni kengaytirish taklif etildi.
FAO bosh direktori, Xalqaro paxta maslahat qo‘mitasi ijrochi direktori va WTO bosh direktori o‘rinbosari Shavkat Mirziyoyevning majburiy mehnatga barham bergani va xom paxtani eksport qilishdan uni chuqur qayta ishlashga jadal o‘tilgani katta yutuq hamda boshqa mamlakatlar uchun namuna ekanini ta’kidlashdi.
Telegram | Instagram | Facebook | YouTube | Website
Post #104917
1.69K




- 👍 35