O‘zbekiston va Ozarbayjonda o‘tadigan U-20 Jahon chempionatining rasmiy brendi taqdim etildi
FIFA 2027-yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon mezbonlik qiladigan U-20 Jahon chempionatining rasmiy brendi hamda shiorini namoyish etdi.
Musobaqaning rasmiy shiori — “U Shape The Game”. Ushbu g‘oya yosh futbolchilarni kelajak futbolini shakllantiradigan avlod sifatida namoyon etishga qaratilgan.
Ikki mamlakat madaniyati dizaynda uyg‘unlashtirildi
Turnirning vizual uslubini yaratishda O‘zbekiston va Ozarbayjon madaniy merosiga xos naqshlar, koshinlar va mozaikalardan ilhom olingan.
An’anaviy elementlar zamonaviy ranglar, shakllar va gradientlar bilan uyg‘unlashtirilib, ikki mezbon mamlakatni bitta umumiy futbol brendi ostida birlashtirgan. Rasmiy emblemaning markaziy qismidagi “U” belgisi esa yosh futbolchilarning o‘z imkoniyatlarini namoyish etishi va futbol kelajagiga ta’sir ko‘rsatishi ramzi sifatida yaratilgan.
Boku va Toshkentda maxsus taqdimot
Rasmiy brendning taqdimoti munosabati bilan Boku va Toshkentdagi mashhur maskanlarda ham musobaqa emblemasini namoyish etish ko‘zda tutilgan.
2027-yilgi mundialda dunyoning 24 ta yoshlar terma jamoasi bosh sovrin uchun kurash olib boradi.
Ravshan Irmatov turnir ahamiyatini ta’kidladi
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatovning qayd etishicha, ushbu musobaqa yosh futbolchilarga o‘z salohiyatini xalqaro maydonda ko‘rsatish, muhim tajriba to‘plash va professional faoliyatida yangi bosqichga ko‘tarilish imkonini beradi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjonning mundialga birgalikda mezbonlik qilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashi kutilmoqda.
U-20 mundiali tarixida 25-turnir
2027-yilgi musobaqa U-20 Jahon chempionati tarixidagi 25-turnir bo‘ladi. Shu bilan birga, ilk bor 1977-yilda Tunisda tashkil etilgan mazkur mundialning 50 yilligi ham nishonlanadi.
Turli yillarda Diego Maradona, Lionel Messi va Erling Holand singari keyinchalik jahon futbolining yirik yulduzlariga aylangan futbolchilar aynan ushbu turnirda o‘z iqtidorini namoyish etgan.
2027-yilda esa navbatdagi avlod vakillari O‘zbekiston va Ozarbayjon maydonlarida o‘z mahoratini ko‘rsatadi.
🏦O‘zbek va jahon sportiga oid eng so‘nggi yangiliklar: @Uzasport
Post #6428
1.3K
- 🤔 3
- ❤ 1