TGViewer
Sukut Saqlama (NeMolchi.uz o'zbek tilida) Sukut Saqlama (NeMolchi.uz o'zbek tilida) @sukutsaqlama · 2.01K subscribers
Post #5396 321
Graduate Quality Index tadqiqoti ko‘rsatishicha, oliy ta’lim muassasasini tugatgach, bitiruvchi ayollarning 85,1 foizi va erkaklarning 80,4 foizi ish topgan. Ayollarga ishga joylashish uchun o‘rtacha ikki oy, erkaklarga esa uch oy kerak bo‘lgan.

Shu bilan birga, erkak bitiruvchilarning o‘rtacha oylik maoshi taxminan 6 million so‘mni, ayollarniki esa 3,9 million so‘mni tashkil etgan. Shunday qilib, ayollar erkaklarning o‘rtacha daromadining 65 foizini olgan. Farq oyiga taxminan 2,1 million so‘mni tashkil etgan.

Daromadlardagi gender tafovutining sabablaridan biri kasbiy segregatsiyadir. Ayollar va erkaklar ko‘pincha turli sohalarni tanlaydi, an’anaviy ravishda ayollar ko‘proq ishlaydigan kasblar va tarmoqlarda esa ish haqi ko‘pincha pastroq bo‘ladi.

GQI ma’lumotlariga ko‘ra, bitiruvchi ayollar uchun eng muvaffaqiyatli yo‘nalishlar qatorida transport, matematika va statistika, ta’lim, biznes va boshqaruv hamda gumanitar fanlar bo‘lgan. Erkaklar orasida esa yetakchi yo‘nalishlar sifatida biznes va boshqaruv, sog‘liqni saqlash, matematika va statistika hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari qayd etilgan.

Ayollarning mehnat bozoridagi holatiga uyda bajariladigan haq to‘lanmaydigan mehnat ham ta’sir ko‘rsatadi. O‘zbekistonda 3,94 milliondan ortiq kishi haq to‘lanmaydigan uy mehnati bilan shug‘ullanadi va ularning 92 foizini ayollar tashkil etadi. Ayollar bunday ishlarga erkaklarga qaraganda ikki baravardan ko‘proq vaqt sarflaydi.
Bu ularning kasbiy bandlik imkoniyatlarini cheklashi mumkin. Masalan, ayollarga ishni bolalar va qarindoshlarga g‘amxo‘rlik qilish bilan birga olib borish qiyinroq, ayniqsa ish xizmat safarlari, qo‘shimcha ish soatlari yoki boshqa joyga ko‘chishni talab qilsa.

2022-yilda ishlamagan mehnatga layoqatli yoshdagi ayollarning 75 foizi buning asosiy sababi sifatida uy ishlari va yaqinlariga g‘amxo‘rlik qilishni ko‘rsatgan. Erkaklar orasida bu sabab 30 baravardan ham kamroq uchragan.

Tafovut yoshlar orasida ham seziladi. Yosh ayollar orasida ishsizlik darajasi 15,5 foizni, yosh erkaklar orasida esa 10 foizni tashkil etgan. O‘qimaydigan, ishlamaydigan va kasbiy ta’lim olmaydigan yosh ayollar soni 42 foizga yetgan. Yosh erkaklar orasida bu ko‘rsatkich 8,8 foizni tashkil etgan.

Demak, muammo faqat ish haqi miqdoridan boshlanmaydi. Hatto oliy ma’lumot olgandan keyin ham ayollar mehnat bozoriga ularning kasbiy imkoniyatlariga kasbiy segregatsiya, haq to‘lanmaydigan uy mehnati va oilaviy majburiyatlarga oid ijtimoiy kutishlar ta’sir qiladigan sharoitda kirib keladi.

Bu tafovutni qisqartirish nafaqat teng mehnat uchun teng haq to‘lashni, balki ish va oilaga g‘amxo‘rlik qilishni birga olib borishga imkon beradigan sharoitlarni ham talab qiladi. Bular bolalarni parvarish qilish xizmatlaridan arzon va qulay foydalanish, uy ishlarini tengroq taqsimlash hamda ishga qabul qilish va lavozimda ko‘tarilishda kamsitishdan himoya qilishni anglatadi.

Farida Aliyeva tayyorladi

#SukutSaqlama
  • 🔥 1
More from @sukutsaqlama
  1. Oct 17, 2026Post #5404
  2. Oct 17, 2026Har oktyabr oyida butun dunyo bo‘ylab ijtimoiy tarmoqlarda, ko‘chalarda va axborot kampani…
  3. Oct 15, 2026📚 Mutolaa uchun tavsiya: Said Ahmad — "Kelinlar qo‘zg‘oloni" Ko‘pchilik bu asarni shuncha…
  4. Oct 15, 202615-oktabr — Butunjahon ko‘krak saratoniga qarshi kurash kuni. Ko‘krak saratoni — dunyoda a…
  5. Oct 15, 2026Post #5400
  6. Oct 14, 2026Prezident bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi qo…
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →