Har oktyabr oyida butun dunyo bo‘ylab ijtimoiy tarmoqlarda, ko‘chalarda va axborot kampaniyalarida pushti lentalar paydo bo‘ladi. Bu ko‘krak saratoni haqida xabardorlikni oshirishga bag‘ishlangan oylik ramzidir. Kampaniya ushbu kasallik, uning belgilari va shifokorga o‘z vaqtida murojaat qilish zarurligi haqida eslatib turadi.
Ko‘krak saratoni dunyoda ayollar o‘rtasida eng ko‘p tashxis qo‘yiladigan onkologik kasallikligicha qolmoqda. Xalqaro saraton tadqiqotlari agentligi (IARC) ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda u taxminan 2,3 million ayolda aniqlangan, 670 mingga yaqin kishi ushbu kasallik tufayli vafot etgan.
IARC’ning 2025-yilda e’lon qilingan prognoziga ko‘ra, agar hozirgi tendensiyalar saqlanib qolsa, 2050-yilga borib har yili qayd etiladigan yangi holatlar soni 3,2 millionga, o‘lim holatlari esa 1,1 millionga yetishi mumkin.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) kasallikni erta aniqlash va o‘z vaqtida davolashni ko‘krak saratoniga qarshi kurashning asosiy yo‘nalishlari sifatida ko‘radi. Ushbu kasallikka qarshi kurashish bo‘yicha Global tashabbus doirasida tashkilot har yili o‘lim ko‘rsatkichini 2,5% ga kamaytirish va shu tariqa 2040-yilgacha 2,5 million o‘limning oldini olish maqsadini qo‘ygan.
2025-yil davomida O‘zbekistonda ko‘krak saratonining 4 843 ta yangi holati — har 100 ming ayol aholiga 26 ta holat aniqlangan. Shu davr mobaynida kasallikdan 2 085 kishi, jumladan 2 069 nafar ayol vafot etgan.
Shu ma’lumotlarga ko‘ra, holatlarning 61,9%i profilaktik ko‘riklar vaqtida aniqlangan. Bemorlarning 96,9%ida tashxis morfologik jihatdan tasdiqlangan, 70,8%ida esa kasallik I–II bosqichlarda aniqlangan. Hisobda turgan 27 736 nafar bemorning 47,8%i besh yil va undan ortiq vaqt davomida kuzatib kelinmoqda.
Mamlakatda 2025–2030-yillarga mo‘ljallangan bachadon bo‘yni va ko‘krak saratonini nazorat qilish davlat dasturi amal qiladi. U Prezidentning 2024-yil 22-noyabrdagi PQ-402-sonli qarori bilan tasdiqlangan.
Dastur 30–65 yoshdagi ayollarning elektron bazasini shakllantirish va ularni tibbiy ko‘riklarga taklif etishni nazarda tutadi. Ko‘krak saratonini aniqlash uchun birlamchi saralash har ikki yilda bir marta o‘tkazilishi kerak. Hujjatga muvofiq, 45 yoshdan kichik ayollarga tekshiruv ultratovush diagnostikasi usuli yordamida, 45–65 yoshdagilarga esa mammografiya yordamida o‘tkaziladi. Skrining natijasida aniqlangan onkologik kasalliklarni tashxislash va davolash xarajatlarini davlat budjeti hisobidan moliyalashtirish ko‘zda tutilgan.
Ko‘krak saratoni har doim ham og‘riq bilan birga kechmaydi. Ehtimoliy belgilar qatoriga ko‘krakda bez yoki tugun, ko‘krak shakli yoki o‘lchamining o‘zgarishi, terining ichkariga tortilishi, qizarishi va yuzasida chuqurchalar paydo bo‘lishi kiradi. Shuningdek, so‘rg‘ich yoki uning atrofidagi terining o‘zgarishiga, g‘ayrioddiy ajratmalarga, ayniqsa qon aralash ajratmalarga, shuningdek qo‘ltiq osti sohasidagi limfa tugunlarining kattalashishiga e’tibor qaratish lozim.
Bu o‘zgarishlar albatta saraton kasalligini anglatmaydi, ularning boshqa sabablari ham bo‘lishi mumkin. Biroq o‘zgarishlarning tabiatini mustaqil ravishda aniqlashning iloji yo‘q. Agar biror g‘ayrioddiy holatni sezsangiz, rejalashtirilgan ko‘rikni kutib o‘tirmasdan, mutaxassisga murojaat qilgan ma’qul.
Erta aniqlash katta ahamiyatga ega: boshqa organlarga tarqalmagan lokal o‘simtani ko‘pincha muvaffaqiyatli davolash mumkin. Biroq kasallik kechroq aniqlanganda ham davolash imkoniyatlari mavjud.
Ko‘krakdagi o‘zgarishlarni aniqlash xavotirli bo‘lishi mumkin va ba’zida qo‘rquv tufayli shifokor huzuriga borish ortga suriladi. Ammo bu xavotir bilan yolg‘iz qolish yoki o‘ziga o‘zi tashxis qo‘yishga urinish kerak emas. Mutaxassisga murojaat qilish o‘zgarishlarning sabablarini tushunishga va kerak bo‘lsa, davolanishni o‘z vaqtida boshlashga yordam beradi.
Agar ko‘krakda o‘zgarishlarni sezsangiz, maslahat olishni ortga surmang. O‘zingizga g‘amxo‘rlik qilish yordam so‘rashga tayyor turishdan boshlanadi.
Diana Sharipova tayyorladi
#SukutSaqlama #PushtiOktyabr #Ko‘krakSaratoni #AyollarSalomatligi
Post #5403
164

- ❤ 2