O‘zbekiston–Germaniya: kartoshkachilikda ilm-fan va innovatsion hamkorlik
🇺🇿🇩🇪Bugun Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Germaniyaning Farmtastic Consulting GmbH kompaniyasi bosh direktori Jürgen Schwarzensteiner hamda Loyiha kuzatuv kengashi a’zosi Sergey Werner boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.
🥔 Muloqotda O‘zbekistonda kartoshkachilikni rivojlantirish, sifatli urug‘lik materiallari yetishtirish, ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish va xalqaro tajribani amaliyotga tatbiq qilish masalalari muhokama qilindi.
🌱Suhbat chog’ida, vazir mamlakatimizda kartoshkachilikni rivojlantirish, xususan, in vitro laboratoriyalari, aeroponika issiqxonalari va netxauslarda yuqori avlodli urug‘lik kartoshka yetishtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
🔬Shuningdek, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi (AKIS) huzuridagi O‘zbekiston–Vengriya kartoshkachilik markazi faoliyati hamda Genomika institutida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar xususida so‘z yuritildi.
💬“Bugungi kunda sohaning muhim vazifalaridan biri mini-tuganaklar yetishtirish hajmini oshirish, ularni kartoshkachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga yetkazib berish va mahalliy urug‘lik bazasini mustahkamlashdan iborat. Bunda xalqaro ilmiy tajriba va zamonaviy seleksiya yutuqlarini mamlakatimizning tuproq-iqlim sharoitlariga moslashtirish alohida ahamiyatga ega”, — dedi Ibrohim Abdurahmonov.
🌍 Uchrashuvda Misr va Janubiy Koreya olimlari bilan hamkorlikda olib borilayotgan tadqiqotlar hamda mamlakatimizning qator hududlarida mini-tuganaklar ekish orqali erishilayotgan natijalar ham muhokama qilindi. Jizzax viloyatining Baxmal tumani kartoshkachilikni rivojlantirish va urug‘lik kartoshka yetishtirish uchun muhim hududlardan biri ekani ta’kidlandi.
💧 Tomonlar kartoshkachilikda suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash masalasini ham ko‘rib chiqdilar. Vazir pivot usulidagi sug‘orish tizimlari suv resurslaridan samarali foydalanish, o‘simliklarning oziqlanishini boshqarish va mineral o‘g‘itlarni belgilangan me’yorlarda qo‘llash imkonini berishini ta’kidladi.
👏Germaniya delegatsiyasi vakillari O‘zbekistonda kartoshkachilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ilmiy tavsiyalar va ishlab chiqarish amaliyotining o‘zaro uyg‘unligini ijobiy baholadilar.
📌Uchrashuv yakunida esa, Ibrohim Abdurahmonov Germaniya tomoni bilan ilmiy hamkorlikni kengaytirish, kartoshkachilik sohasida o‘zaro manfaatli loyihalarni ishlab chiqish va ularni amaliyotga joriy etishga tayyor ekanini bildirdi.
🌐Website 💬Telegram 💬Facebook 📺YouTube 📷Instagram
Post #6960
42






