Jurnalist: Rustam aka, onam har doim eslaydilar: 2004 yilda siz FIDE shaxmat tojini olib kelganingizda...
Rustam Qosimjonov: Ha, 2004 yil.
Jurnalist: Birinchi Prezidentimiz sizdan "Nima istaysiz?" deb so'raganlarida, "Shaxmat o'ynaydigan kompyuter kerak" degan ekansiz. Qarang, oradan shuncha vaqt o'tdi. Bugungi chempionlarni o'zingiz chempion bo'lgan davr bilan solishtirib bera olasizmi?
Rustam Qosimjonov: Uni solishtirish qiyin, chunki bizning paytimizda imkoniyatlar boshqacha edi, kamroq edi. Hozirgi shaxmatchilarda hamma imkoniyatlar bor. Hozirgi shaxmatchilarimizda dunyoda yo'q imkoniyatlar bor. Hurmatli Prezidentimizning, davlatimizning, federatsiyamizning e'tibori bilan shaxmatchilarimizning hamma narsasi bor: musobaqalari bor, trenerlari bor, kompyuterlari, superkompyuterlari bor. Hozir shaxmatchilarga barcha imkoniyatlar yaratib berildi. Shuning uchun, menimcha, bizning g'alabalarimiz ham tabiiy.
Jurnalist: Trener uchun eng qiyin narsa tarkibni aniqlash bo'lsa kerak. Germaniyaga qarshi mag'lubiyatdan keyin jamoani qayta yig'ib olish siz uchun qiyin bo'lmadimi? "Vaziyatni boy beramiz" degan qo'rquv qayerda bo'ldi va uni qanday yengdinglar?
Rustam Qosimjonov: Qiyin, qiyin bo'ldi. Qiyin bo'ldi, lekin bizga bo'lgan ishonchni, bizga bo'lgan e'tiborni har doim sezib turdik. Menimcha, bu yigitlarimizga ham, menga ham kuch berdi. Har bir olimpiadada, har bir katta musobaqada juda qiyin daqiqalar ham bo'ladi. O'sha qiyin daqiqalarda bizga bo'lgan ishonch bizga kuch berdi. Biz bilardik: orqamizda xalqimiz, o'zbek xalqi qarab turibdi, davlatimiz qarab turibdi, hurmatli Prezidentimiz qarab turibdilar. Shuning uchun bo'shashishga haqqimiz yo'q edi. Shuning uchun kuch ham topildi. Yigitlarimiz bardosh berishdi.
Jurnalist: Rustam aka, O'zbekiston shaxmat tarixining yangi sahifasi hali yil oxirigacha yozilishi kutilmoqda. Biz katta hayajon bilan kutib turibmiz. Xudo xohlasa, Jenevadan ham Javohirni g'alaba bilan kutamiz. Shu yo'lni bosib o'tgan inson sifatida Javohirga qanday maslahat bergan bo'lardingiz?
Rustam Qosimjonov: Javohir, hammamiz bilamizki, favorit. Hammamiz uning kuchini ko'rsatishini, g'alaba qozonishini kutyapmiz. Lekin jahon chempionati boshqacha bo'ladi. Jahon chempionatida oson jang kutib bo'lmaydi. Men u bilan bu haqda ancha gaplashdim. U ham...
Jurnalist: Yana oz vaqt qoldi-da. Qanday ulgurarkin, deb xavotirdaman.
Rustam Qosimjonov: Yo'q, siz xavotir olmang. Uning trenerlari zo'r. O'zi juda yaxshi formada. Olimpiadada ham juda yaxshi, juda kuchli o'ynadi. Menimcha, u hamma narsani tushunadigan yigit. Men ham bor nasihatimni berdim. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo'ladi.
Jurnalist: Rustam aka, yana bitta savol. Ko'pchilik Javohir, Nodirbek va boshqa shaxmatchilarimiz haqida gapirganda, "Ular shundoq ham kuchli edi, individual yutuqlari bor edi, shundoq ham yutyapti" deydi. Lekin men tashqaridan qarayotgan odam sifatida aytaman: ular ikki-uchta emas-ku, ular juda ko'p-ku. Qandaydir shaxmat to'lqini paydo bo'ldi. Sizningcha, bu nimaning hisobiga?
Rustam Qosimjonov: Endi, genetika...
Jurnalist: Genetikami?
Rustam Qosimjonov: Bilmayman, men genetika bo'yicha mutaxassis emasman. Lekin menimcha, buning ikkita sababi bor. Birinchidan, men 2004 yilda jahon chempionatini yutganimdan keyin qandaydir bum boshlandi. Hamma bolalar shaxmat o'ynab ko'rdi.
Jurnalist: Demak, yo'l sizdan boshlangan. Men ham gapni shunga olib bormoqchi edim. Yaxshi, o'zingiz tan oldingiz.
Rustam Qosimjonov: Ikkinchidan, intervyu boshida aytdim-ku, bizda e'tibor juda katta. Qanday bum bo'lmasin, qanday iste'dod bo'lmasin, e'tibor bo'lmasa, mablag' bo'lmasa, mutaxassislar, trenerlar bo'lmasa, hech narsa qilib bo'lmaydi. Bizda esa u ham bor, bu ham bor. Shuning uchun g'alabalar ham bo'lyapti.
Jurnalist: Musht bo'lib jipslashganda natija ham bo'ladi. Kuningiz yaxshi o'tsin, mukofotingiz muborak bo'lsin. Siz trener sifatida ikkinchi karyerangizni boshladingiz. Bu hali boshi bo'lsin. Katta rahmat.
Bugun Prezidentimiz Rustam Qosimjonovga “O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan sport ustozi” unvonini topshiradi.