Bu kitobning ichida urush ham bor, sevgi ham, ayriliq ham. Lekin “Alvido, qurol!”ning ortidagi haqiqiy voqealar romanning o‘zidan ham dramatikroq...
Ernest Hemenguey 1918-yilda, hali 19 yoshida, Italiyada Amerika Qizil Xochi tarkibida xizmat qiladi va frontda mina portlashidan og‘ir yaralanadi. Davolanish uchun Milandagi kasalxonaga yotqizilganida esa o‘zidan yetti yosh katta hamshirani sevib qoladi.
Hemenguey bu munosabatni jiddiy qabul qiladi. Ammo Amerikaga qaytgach qizni yoniga olib kelish choralarini izlayotganda qizdan alvido xati oladi. Oradan qariyb o‘n yil o‘tib, ana shu yaralanish, kasalxona, urush va yo‘qotilgan muhabbat voqeasi “Alvido, qurol!”ga aylanadi.
Bu kitob muallif uchun shunchaki oddiy asar emasligini romanning oxirgi betini 39 marta qayta yozganini aytganidan ham bilsa bo‘ladi. Buncha urinishning sababi sifatida kerakli so‘zni topishga, qalbi istaganidek yakunni chiqarishga qiynalganini aytgan ekan Hemenguey. Keyinchalik uning qo‘lyozmalari o‘rganilganda muqobil yakunlar 39 xil emas, 42 xil bo‘lib chiqadi.
Roman hali kitob holida chiqmasidan oldin ham shov-shuv boshlanadi va hokimiyat vakillari senzura qilishga urinishadi. Shunga qaramay “Alvido, qurol!” 1929-yil 27-sentyabrda kitob holida nashr etiladi. Dastlab 31 ming nusxada bosilgan kitobning tiraji oradan hafta o‘tib 33 mingdan, ko‘p o‘tmay esa 50 mingdan oshib ketadi.
Eng qizig‘i, bularning bari Amerikada 1929-yilgi fond bozori qulashi va "Buyuk depressiya" boshlanayotgan bir paytda sodir bo‘layotgan palla edi. Bir tomonda iqtisodiy inqiroz, bir tomonda senzura, bir tomonda Hemengueyning o‘zi boshdan kechirgan urush va muvaffaqiyatsiz muhabbat...
Shu sharoitda yozilgan kitob esa oxir-oqibat XX asr adabiyotining eng mashhur urush va muhabbat omuxtasidagi romanlaridan biriga aylandi. Ba’zan buyuk asarlar tasavvurdan tug‘ilmaydi. Ular odamning o‘zi unutolmagan narsalardan dunyoga keladi...
➡️@qora_yigit
Post #3267
1.76K

- 🔥 19
- ❤ 12
- 🕊 4
- ❤🔥 1
- 🆒 1