#finished
Teodor Drayzer – “Amerika fojiasi”. 1-jild
Instagramga kirib, birovning yangi mashinasini, boshqasining sayohatini, yana kimningdir dabdabali uyini tomosha qilasiz. Telefonni haqiqiy hayotga qaytganingizda esa hozirgina tuppa-tuzuk koʻrinib turgan hayotingiz koʻzingizga gʻaribroq koʻrina boshlaydi. Hech narsangizni yoʻqotmadingiz, lekin nimadandir quruq qolgandeksiz. Qiziq a?
Teodor Drayzerning Klayd Griffitsi ham ana shu dardga juda erta yoʻliqqan yigit. Faqat uning zamonida telefon oʻrniga hashamatli mehmonxonalar, qimmat kiyimlar va boylarning bazmlari boʻlgan. U oʻsha hayotga uzoqdan termulib ulgʻayadi va bir kuni unga kirib olsa, hammasi joyiga tushishiga ishonadi.
Biroz ulgʻayib pul topadi, yaxshi kiyinadi, koʻngilxushliklarga ruju qoʻyadi. Lekin ehtiyojlari daromadidan ham tezroq oʻsaveradi, oʻsaveradi. Endi uning uchun yaxshi yashashning oʻzi kamlik qiladi, boshqalar ham uning yaxshi yashayotganini koʻrishi kerak. Kambagʻallar dunyosidan chiqqan yigitchaning boylik bilan insonning qadrini bir oʻlchovga solish ana shu yerdan boshlanadi…
Qizi tomini Klayd faqat pulning oʻziga qiziqmaydi. Uni oʻzlariga teng koʻrishlarini, davraga qoʻshishlarini, mensishlarini xohlaydi. Goʻyo qimmat kiyim bilan birga oʻziga yangi qadr-qimmat ham sotib olsa boʻladigandek. Oʻzidan uyalib yashaydigan inson uchun birovning eʼtibori qanchalik katta kuchga aylanishini muallif ana shu istaklar orqali ochib beradi.
Shu sababli Klaydga bir xil munosabatda qolish qiyin. Bir joyda qatʼiyatsizligidan jahling chiqadi, boshqa joyda nega shunday boʻlib qolganini tushungandek boʻlasan. Drayzer uning xohishlari, qoʻrquvi, oʻzini ovutadigan bahonalarini shoshmasdan, maydalab tasvirlaydi...
Klayd qaysi oilada tugʻilishini tanlamagan, boylar bilan orasidagi masofani ham oʻzi yaratmagan. Ammo yolgʻon gapirish yoki masʼuliyatdan qochish kerak boʻlgan joyda uning oʻrniga kambagʻallik qaror qilmaydi-ku. Muhitning taʼsiri qayerda tugab, insonning oʻz javobgarligi qayerda boshlanadi?
Nazarimda, romanning 1-jildi oʻrtaga qoʻyga eng katta savollardan biri shu. Bu savolning javobi hamma kitobxonda turlicha boʻlishi mumkin ammo muallif sizni jamiyat oldidagi ma’sulyat haqida oʻylashga, fikrlashga majbur qila bilishining oʻzi asarning katta yutugʻi deb oʻylayman.
Kitobning beradigan yana bir katta xulosasi oʻquvchiga oʻz havaslarini tekshirib koʻrishga undashi desak boʻladi. Men istayotgan hayot rostdan ham menga kerakmi? Yoki uni boshqalarda koʻp koʻrganim uchun xohlab qoldimmi? Shu narsaga erishsam koʻnglim toʻladimi yoki oʻzimni solishtirish uchun qilyapmanmi buni?
Klaydning hayotiga qarab turib oʻzingga shu savollarni berasan beixtiyor. Birinchi jildda havas, uyat, qoʻrquv va oʻziga yon berishlar yigʻilib, yelkada va yurakda qanday ulkan yukka aylanishini koʻrasiz. Fojianing ildizi odamning kundalik tanlovlariga qanchalik chuqur kirib ketishi mumkinligini his qilasiz...
➡️ @qora_yigit
Post #3297
1.64K

- 🔥 14
- ❤ 3
- 👍 3
- ✍ 2
- ⚡ 1