Kitob tarjima qilish uchun nima qilish kerak?
1. Yaxshi, oʻzingiz yoqtirgan, oʻzingiz qiziqqan mavzudagi kitob toping.
2. Kitob bilan umumiy tanishib chiqing. Mavzusi, ahamiyati, tarjima qilishga loyiq yoki loyiq emasligi haqida xulosa qiling.
3. Ushbu kitob siz tarjima qilmoqchi boʻlgan tilga – masalan, oʻzbek tiliga – tarjima qilinmagani haqida ishonch hosil qiling.
4. Muallifning shaxsiyatini oʻrganing. Tarjima qilgandan keyin kitobni chop qildirish niyatingiz boʻlsa, muallif "qora roʻyxat"da boʻlmasligi kerak. Shuningdek, muallifi mashhur, ishonchli kishi boʻlgani tarjima asarning keng tarqalishiga ham sabab boʻladi.
5. Oʻzbek tilidagi ushbu mavzudagi kitoblarni oʻrganing. Siz tarjima qilmoqchi boʻlgan kitobga qanchalik ehtiyoj, talab borligini aniqlang.
6. Kitobni tarjima qilganingizdan keyin chop qildirish niyatingiz boʻlsa, noshirlar bilan ham maslahatlashing.
7. Muallif yoki uning merosxoʻrlari bilan bogʻlanib, ruxsat oling. Qalamhaqi talab qilsa, berishga majbursiz, shartnoma tuzasiz.
8. Tarjima sayt yoki dasturlaridan foydalansangiz, ularga ishonib qolmang.
9. Tarjima qilganda soʻzma-soʻz tarjima qilishdan tiyiling. Matndan koʻzlangan maʼnoni chiqarib bering. Biror tilni zoʻr bilgan hamma ham yaxshi tarjimon boʻla olmaydi. Yaxshi tarjimon boʻlish uchun ikkala tilni ham yaxshi bilish, tarjima mahoratiga ega boʻlish lozim. Shuning uchun avvaliga kichik hikmatli soʻzlar, qisqa hikoyalarni tarjima qilib, biroz tajriba orttirgan maʼqul. Shu bilan birga, oʻzbek tilini yaxshi biladigan muharrir, filolog, tarjimonlardan ham maslahat olib turganingiz maqsadga muvofiqdir.
Gʻiyosiddin Yusuf
@oriftolib | Sahifalarimiz
Post #952
3.32K