TGViewer
Orif Tolib Orif Tolib @oriftolib · 15.1K subscribers
Post #805 3.47K
​​H tovushli oʻzlashma soʻzlar imlosi

Oʻzlashma soʻz boshqa tildan kirgan soʻzdir.

Til ichki va tashqi manbalar hisobiga boyiydi. Tashqi manba – boshqa tillar. Boshqa tildan soʻz kirishi har doim ham boyish boʻlmaydi, baʼzida kambagʻallashish ham boʻlishi mumkin. Lekin hozir gap bu haqda emas. Mavzu boshqa tillardan kirib kelgan soʻzlarning imlosi haqida.

Zamonaviy oʻzbek tili XX asrda shakllandi. Bu davrda unga rus tilining taʼsiri oʻta kuchli boʻldi. Imlo qoidalari ham rus tili imlosiga taqlidan yaratildi. Biroq, tan olish kerak, rus tili imlosi yetarlicha ishlangan, sayqal berilgan. Uning yutuqlarini olish, oʻzlashtirish ayb emas.

Imlo til uchun xizmat qilishi kerak, til imlo uchun emas. Har qanday imlo qoidasidan maqsad soʻz yoki fikrni toʻkis ifodalash boʻlishi zarur.

Imlo qoidalarimizda, toʻgʻrirogʻi, odatlarimizda rus tili taʼsirida shakllangan, qutulish kerak boʻlgan, oʻzbekchaga begona jihatlar bor. Jumladan, h tovushli chet soʻzlarni oʻzlashtirishda bu yaqqol koʻrinadi. Rus tilida yumshoq h tovushi yoʻq, ruslar h tovushini talaffuz qilolmaydi va uning oʻrniga g deb aytadi. Ammo bu nuqson emas. Til xususiyati shunday. Til oʻzida boʻlmagan tovush(lar)ni oʻziga moslab, oʻzi eshitgan va tushunganday ifodalaydi. Bu – tilning mustaqillik huquqi. Oʻzbek tilida esa h tovushi bor, uni talaffuz eta olamiz. Biroq oʻtgan asrda oʻzlashma soʻzlar rus tili orqali olingani uchun biz ularni ruslar qanday talaffuz qilsa, shundayligicha oldik.

Mustaqillik arafasida va undan keyin asliyatga mos shaklda oʻzlashtirishlar, asliyatga mos shaklda yozishlar isteʼmolga kirdi. Lekin toʻliq emas. Quloq oʻrgangan, qonga singib ketgan soʻzlarni boshqacha talaffuz qilishga, yozishga oʻrganish oson emas. Bu baʼzida kulgili, baʼzida behuda qaysarlik, gohida esa oliftalikdek tuyulishi mumkin. Masalan, gidro- soʻzini hidro-, gibrid soʻzini hibrit deb aytish yo yozishni tasavvur qilib koʻring.

Oʻtgan oʻttiz yillik vaqt mobaynida asosan atoqli otlar va joy nomlarini asliyatga mos yozishga nisbatan koʻnika oldik. Masalan, Humbolt, Hyugo kabilar.

Xoʻsh, qaysi yoʻl toʻgʻri? Qaysi birini qoʻllash kerak? Bu borada aniq bir qoida yoʻq. Shaxsiy tanlovga koʻra qoʻllanadi. Mening shaxsiy tanlovim esa, ommalashib ketgan, hamma oʻrgangan soʻzlarning amaldagi imlosini taqiqlamaslik, ammo iloji boricha asliyatga mos yozish. Yaʼni Gitler deb yozgan kishini qoralamaslik, lekin Hitler deb yozish. H tovushi qatnashgan uncha mashhur boʻlmagan va yangi oʻzlashma soʻzlarni faqat h bilan yozish.

Bu bilan nima oʻzgaradi? Osmon uzilib yerga tushadimi? Yoʻq, lekin til mustaqilligi sari kichik bir qadam tashlanadi.

@oriftolib | Sahifalarimiz
  • 👍 8
More from @oriftolib
  1. Sep 26, 2026“Bu gʻirt SI-ku!”: Yoshlar nega sunʼiy intellektni haqorat soʻziga aylantirdi? Britaniya v…
  2. Sep 25, 2026Navoiy “Kulliyot”ining nodir faksimile nusxasi Oʻzbekistonga keltirildi Alisher Navoiy “Ku…
  3. Sep 25, 2026🚀 20:30’da jonli efir boʻladi, rejangizga kiritib qoʻying! 🎤 Bugun 20:30’da shu kanalda…
  4. Sep 25, 2026Turk tili ustozi Gʻulomjon xoʻja (turk tilida ustozga hoca deb hurmat koʻrsatishadi) oʻquv…
  5. Sep 23, 2026Bolalar smartfonga emas, kitobga ham talpinishi mumkin Bolasiga kitob oʻqita olmay xunob b…
  6. Sep 18, 2026Post #4893
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →