TGViewer
Orif Tolib Orif Tolib @oriftolib · 15.1K subscribers
Post #577 1.59K
⁠Bir oʻzakdan ikki maʼno: minnat va minnatdor

Bitta soʻz qarama-qarshi maʼnoni ham anglatishi mumkin. Bu koʻp tillarga xos. Masalan, basir soʻzi arab tilida koʻzi oʻtkir va koʻzi ojiz maʼnolarida ishlatiladi. Oʻzbek tiliga ham xuddi shu maʼnolarda oʻtgan: 1. Koʻruvchi, koʻzi oʻtkir, oʻta sezgir; 2. Koʻrish qobiliyati yoʻq; koʻr, soʻqir; 3. koʻchma Narsa, voqeaning mohiyatini tushuna olmaydigan; ongsiz; bilimsiz; johil.

Minnat va minnatdor soʻzida ham xuddi shu qoida amalda. Minnat soʻzi arabchadan oʻtgan, asliyatda himmat, muruvvat, xayr-saxovat; tashakkur, rahmat aytish maʼnolarini beradi. Oldin oʻzbek tilida ham ayni shu maʼnolarda qoʻllangan. Izohli lugʻat bunga shunday misol bergan:

[Yusufbek hoji:] Agar bu xizmatni oʻz zimmangizga olur ekansiz, ustimga katta minnat qoʻygan boʻlasiz.
A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar.

Yusufbek hoji agar shu ishni bajarishga rozi boʻlsangiz, sizdan qarzdor boʻlib qolaman, rahmat va tashakkur aytishga burchliman, deyapti.

Bu maʼno minnatdor soʻzida saqlangan. Minnatdor kishi koʻrgan yaxshiligi sabab boshqa bir kishi oldida maʼnan qarzdor, rahmat aytishga burchli boʻlib qoladi. Rahmat aytmasa ham, ichida unga nisbatan hurmat-eʼtibori oshadi.

Lekin yaxshilik qilgan kishi bundan bahramand boʻlgan odamdan ana shu minnatdorlikni istasa yoki talab qilsa, bu endi minnatga aylanadi.

Qilingan yaxshilikni yuzga solish yoki boshqalarga gapirib yurish minnatdir:

Tekinning minnati koʻp, mehnatning ziynati koʻp.
Maqol.

Ehson qilgan kishining minnati ehsonni yoʻqqa chiqaradi.
Gazetadan.

Bu ziyofatning hali minnati chiqib qolmasa, deb turibman.
K. Yashin, Hamza.

Mehnat qildim – xoʻp qildim, minnat qildim – yoʻq qildim.
Maqol.

Xasis bir bor mehnat qilsa, yuz bor minnat qilar.
Gazetadan.

Bunday ters maʼnolilik sof oʻzbekcha soʻzlarda ham bor. Maqola boshida basir soʻzini misol qilgandik. Oʻzbekcha koʻr soʻzi ham aslida koʻrmoqdan, yaʼni koʻruvchi maʼnosida. Vaqt oʻtib aks maʼnoda ishlatila boshlagan.

Odamlar baʼzida belgi-xususiyatni uning aksi bilan ataydi. Toʻgʻri, dastlab kinoya, mazax yoki boshqa maqsadni koʻzlashadi. Lekin maʼlum muddatdan keyin koʻzlangan maʼno yoʻqolib, shakliy maʼno birlamchiga aylanashi mumkin.

Deylik, ogʻzi shaloqligi, koʻp soʻkinishi bilan tanilgan kishiga qantovuz (qand + ogʻiz = shirinsoʻz) deb ot qoʻyasiz. Keyinchalik bu odam unutiladi va qantovuz sifati tili sassiq maʼnosida keng ishlatila boshlaydi.

@oriftolib | Sahifalarimiz
  • 👍 5
More from @oriftolib
  1. Sep 26, 2026“Bu gʻirt SI-ku!”: Yoshlar nega sunʼiy intellektni haqorat soʻziga aylantirdi? Britaniya v…
  2. Sep 25, 2026Navoiy “Kulliyot”ining nodir faksimile nusxasi Oʻzbekistonga keltirildi Alisher Navoiy “Ku…
  3. Sep 25, 2026🚀 20:30’da jonli efir boʻladi, rejangizga kiritib qoʻying! 🎤 Bugun 20:30’da shu kanalda…
  4. Sep 25, 2026Turk tili ustozi Gʻulomjon xoʻja (turk tilida ustozga hoca deb hurmat koʻrsatishadi) oʻquv…
  5. Sep 23, 2026Bolalar smartfonga emas, kitobga ham talpinishi mumkin Bolasiga kitob oʻqita olmay xunob b…
  6. Sep 18, 2026Post #4893
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →