Texnik xato va imloviy xatoning farqi nimada?
Koʻpchilik texnik xato va imloviy xatoni farqlay olmaydi.
Soddaroq tushuntirishga harakat qilaman.
Suiisteʼmol soʻzini suyisteʼmol, suiistemol, suisteʼmol, suistemol, susteʼmol, sustemol kabi yozib qoʻysangiz, bu – imloviy xato. Yaʼni siz soʻzning qanday yozilishi toʻgʻri boʻlishini bilmaysiz. Qilgan xatolaringiz inson ehtimoliy qilishi mumkin boʻlgan imloviy xatolardir:
Suyisteʼmol deb yozganingizda yonma-yon kelgan unlilarning yozilishi bilmagan boʻlasiz.
Suisteʼmol yozsangiz, bu soʻzning ikki i bilan yozilishini bilmagan boʻlasiz.
Suiistemol yozsangiz, tutuq belgisi haqida bilimlaringiz yetarli emasdek tuyuladi.
Susteʼmol deb yozsangiz, aytilishi va yozilishida farq qiluvchi soʻzlar borasida bilimingiz kam, deyish mumkin.
Endi shu soʻzni suiisteʼmlo, suiistʼemol, siusteʼmol kabi yozsangiz yoki duiisteʼmol, suiisteʼnol kabi bir harfni boshqasiga almashtirib yozsangiz, bular imloviy emas, texnik xato boʻladi. Bir harfni boshqasiga almashtirib qoʻyishda oʻsha harf oʻzgarishi butunlay boshqa maʼnoni beradigan soʻz paydo boʻlishiga sabab boʻlmasligiga diqqat qilish kerak.
Texnik xatoni shunday tushuntirish mumkin: bunday xato qilgan odam imloni biladi, lekin qandaydir eʼtiborsizlik, shoshilish yoki boshqa sabab bilan shunga yoʻl qoʻygan boʻladi. Texnik xatoni toʻgʻri tushunish kerak deb oʻylayman. Har holda hammamiz odammiz – xato qilamiz.
Kitoblarda ham texnik xato boʻlsa, muharrir yoki musahhihni boʻralatib soʻkmayman (ichimda), imlo xatolarni esa kechirmaslik kerak deb oʻylayman.
Shokir Tursun
Manba
@oriftolib | Sahifalarimiz
Post #2372
9.7K