“Shukrona kuningiz muborak boʻlsin!”
Soʻnggi paytlarda shu ibora juda mashhur boʻldi. Magazinchi Gʻaybullayam, mahalladagi xotinlar ham, ikkichi Yoshvoy ham, aʼlochi Toshvoy ham – hamma qoʻllayapti.
Biror soʻz yoki iborani qoʻllashda uning asl mazmuni nima, boshqa maʼnoda ishlatsa, toʻgʻri boʻladimi-yoʻqmi – oʻylab koʻrish kerak, albatta.
Shimoliy Amerikada, jumladan, Amerika Qoʻshma Shtatlari va Kanadada keng nishonlanadigan bayram bor – Shukrona kuni. Marosim nomi oʻzbekchada Shukronalik kuni shaklida ham ishlatiladi. U Yangi yilgacha davom etadigan bayram mavsumini ochib beradi.
Marosimning oʻziga xos tarixi bor.
Qozogʻistonda ham Shukronalik kuni nishonlanadi. U Shimoliy Amerikadagidan farqli bayram.
Soʻzni yanglish ishlatmaslik kerak. Ayniqsa, mohiyat butkul oʻzgarib ketadigan, odamni chalkashtiradigan oʻrinlarda. Har narsani oʻzining nomi bilan atash zarur. Shu nuqtayi nazardan, “Shukrona kuningiz muborak boʻlsin!” jumlasini tugʻilgan kunga nisbatan ishlatish xato. Chunki Shukrona kuni iborasining umum qabul qilingan maʼnosi boshqa.
Yuqoridagi jumla asosan tugʻilgan kun tabrigi sifatida ishlatilyapti. U nimaga tez shuhrat qozondi? Aniq bir sababini bilmayman. Taxminlarim bor. Menimcha, buning birinchi sababi tugʻilgan kun soʻzini ishlatishdan qochish boʻlsa kerak. Dinimizda tugʻilgan kunni nishonlash targʻib etilmagani uchun shu ibora qoʻllanyapti, deylik. Lekin soʻzi boshqacha boʻlgani bilan tugʻilgan kun tugʻilgan kunligicha qoladi-ku. Demak, bu unchalik asosli sabab emas.
Boshqa bir taxminga koʻra, bu ibora orqali shu yoshga yetgani uchun Yaratganga shukr qilish maʼnosini ifodalash maqsadi bor. Unday deydigan boʻlsak, inson hayotida shukr qilishi kerak boʻlgan voqealar, sanalar koʻp. Nega shukronalik kuni taʼrifi ularga nisbatan ishlatilmaydi?
Sizningcha, tugʻilgan kunga nisbatan shu ibora qoʻllanayotganiga sabab nima?
@oriftolib | Sahifalarimiz
Post #1641
9.51K
- 👍 24