TGViewer
Orif Tolib Orif Tolib @oriftolib · 15.2K subscribers
Post #1439 2.64K
Oqibat rishtalari

Brayan choʻl yoʻlidan ketib borardi. Toʻsatdan koʻzi yoʻl chetidagi mashinaga tushdi. Unda bir qariya ayol oʻtirar, atrofga chorasiz va umidsiz boqardi. Yigit mashina yoniga kelib, eski “Pontiak”ini toʻxtatdi. Ayol qoʻrqib ketdi, chunki shuncha vaqtdan buyon hech kim unga eʼtibor bermagan, yordam qoʻlini choʻzmagan edi. Bu odam biror yomonlikni koʻzlamaganmikan?

– Mening ismim Brayan Anderson, – deb oʻzini tanishtirdi yigit. – Sizga yordam beraman, madam. Ungacha mening mashinamda oʻtirib turing, ozroq isinib olasiz.

Yigit mashinaning u yoq-bu yogʻini tekshirgan boʻldi. Yoʻq, unaqa vahimali narsaning oʻzi yoʻq ekan. Gʻildirak darz yebdi, xolos. Biroq qariya ayol buni qanday toʻgʻrilashni bilmay ancha azob chekkan koʻrinadi. Brayan choʻkkalab, mashina ostiga qaradi. Qulay joy topib, koʻtarmani qoʻydi. Soʻng qoʻllarini kuhlab, isitgach, ishga kirishdi. Gʻildirakni almashtirib boʻlgach, yuziga tabassum indi.

Muammo hal boʻlganini koʻrgan ayol:

– Sizga necha pul berishim kerak? – deb soʻradi, soʻng shosha-pisha qoʻshib qoʻydi. – Tortinmay aytavering, qanchaligining ahamiyati yoʻq.

Brayan shunday javob berdi:

– Xijolat boʻlmang, hech narsaning keragi yoʻq. Men bir yordamga muhtoj odamga koʻmaklashdim, xolos. Mening oʻzimga shu paytgacha qancha odam yordam qoʻlini choʻzgan – birgina Xudoga ayon. Agar minnatdorchilik bildirishni judayam xohlayotgan boʻlsangiz, yordamga muhtoj birorta odamga duch kelganingizda unga yordam bering va meni eslang.

Ayol qayta-qayta rahmat aytdi va mashinasiga oʻtirdi. Bir necha chaqirim yurgach, bir restoranga koʻzi tushdi. Yoʻl oldidan biroz isinib, tamaddi qilib olish niyatida restoranga kirdi. Unga xizmat qilgan juvon juda istarali ekan. Butun kun davomida oyoqda tik turgan boʻlsa-da, tabassum bilan muomala qildi. Ishi ham, homiladorligi ham, kundalik tashvishlar ham undagi muloyimlikni yoʻqota olmagani shundoq koʻrinib turar edi.

Ayol ovqatlanib boʻlgach, haqini ortigʻi bilan toʻladi. Qaytim olib kelingunicha esa restoranni tark etdi. Uning ketib qolganidan xabardor boʻlgan juvon hayron qoldi. Shu payt koʻzi stol ustidagi qayd qogʻozga tushdi. Varaqdagi soʻzlarni oʻqigan juvonning koʻzlaridan shashqator yosh quyilib keldi: “Hayron ham, xijolat ham boʻlmang. Men shunchaki, yoʻl usti kirgan edim. Bugun menga bir inson samimiy yordam qildi va men ham sizga begʻaraz yordam qoʻlini choʻzdim. Agar chindan ham menga minnatdorchilik bildirmoqchi boʻlsangiz, ushbu oqibat rishtasini uzib qoʻymang. Vaqti kelib birorta muhtoj kishiga koʻmak bering”. Juvon xatni oʻqib boʻlgach, sochiq ostida bir dasta pul turganini koʻrdi. Yuragi toʻlqinlanib, hayrat-hayajonga tushdi. Bu notanish ayol u va eri anchadan buyon pulga zoriqib yurganini qanday sezdi ekan-a?

Juvon uyiga kelgach, erini quchdi va ichki bir ishonch bilan dedi:

– Hammasi yaxshi boʻladi! Men seni yaxshi koʻraman, Brayan Anderson!

@oriftolib | Sahifalarimiz
  • 👍 7
More from @oriftolib
  1. Sep 30, 2026Otalik va ijodkorlik: ziddiyat yoki yangi turtki Yozuvchi Daniel Svift farzand koʻrish erk…
  2. Sep 30, 2026🇹🇷 HILAL EDU TURK TILI KURSLARIGA QABUL OCHIQ! Bepul darslarimiz sizga yoqqan bo'lsa, en…
  3. Sep 30, 2026Kambagʻalning tuni qisqa. — Digor xalq maqoli @oriftolib | Sahifalarimiz
  4. Sep 29, 2026Sunʼiy intellekt va oʻzbek tili: raqamli makondagi yoʻqotishlar Yirik sunʼiy intellekt (SI…
  5. Sep 29, 2026“Menga nima, senga nima?”: loqaydlik va qaldirgʻoch rivoyati Aziz Norqulov “Qaldirgʻoch tu…
  6. Sep 29, 2026Oʻzbek tili oʻzbekona tafakkur tili boʻlishi kerak Filologiya fanlari doktori Bahodir Kari…
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →