“Nomidagi” yoki “nomli” deyish toʻgʻrimi?
Baʼzan “Gʻafur Gʻulom nomidagi maktab” deyish maʼqulmi yoki “Gʻafur Gʻulom nomli” degani toʻgʻrimi, deb soʻraydilar. Buning har ikkisi ham oʻzbek tili nuqtayi nazaridan maʼqul emas. “Gʻafur Gʻulom maktabi” deyilsa bas, “nomidagi” yoki “nomli” degan soʻzlar ortiqchadir.
Oʻzbekcha “Amir Temur xiyoboni”, “Navoiy teatri”, “Bobur bogʻi”, “Farobiy koʻchasi” deyiladi, “nomli”, “nomidagi” soʻzlariga ehtiyoj yoʻq.
Hozir baʼzi oʻquvchilar miyasiga “Gʻafur Gʻulom maktabi” deyilsa, bu Gʻafur Gʻulomga qarashli maktab degani boʻladi, degan fikr keldi. Lekin bu fikr til xususiyati nuqtayi nazaridan toʻgʻri emas. Faqat qaratqichning “-ning”li va “-ning”siz shakllaridagi maʼno farqini koʻrolmagan tilchilar nuqtayi nazaridan toʻgʻri.
Gap shundaki, agar maktab Gʻafur Gʻulomga tegishli boʻlsa, yaʼni u qurdirgan yoki oʻqigan boʻlsa, oʻzbek “Gʻafur Gʻulom maktabi” demaydi, “Gʻafur Gʻulomning maktabi” deydi. Agar maktab uning nomiga qoʻyilgan boʻlsa, “-ning”siz “Gʻafur Gʻulom maktabi” deb qoʻya qoladi. Abdulla Toʻqay koʻchasi deyilsa, koʻchaning nomi boʻladi, agar Abdulla Toʻqayning koʻchasi deyilsa, Abdulla Toʻqay yashagan koʻcha tushuniladi.
Shuningdek, “toʻqsoninchi sonli maktab” tarzida “sonli” soʻzini ishlatish ham oʻzbek tili nuqtayi nazaridan ortiqchadir. Birinchi maktab, toʻqsoninchi maktab deyilsa, toʻgʻri boʻladi.
Alibek Rustamov
@oriftolib | Sahifalarimiz
Post #1099
2.07K