Arslon soʻzi haqida
Arslon soʻzi turkiy til tarixining deyarli barcha davrlarida faol ishlatilgan. Oʻrxun-Enasoy yozma manbalarida va “Devoni lugʻatit turk” asarida arslan shaklida qoʻllangan. Alisher Navoiy asarlarida ham shunday uchraydi. Arslon soʻzi qardosh turkiy xalqlarning barchasida arslan, aslan shaklida ishlatiladi. Taniqli turkolog olim V. Radlov oʻz lugʻatida arslon soʻzining arslan, arsar, arsil, aslan arsilan, arstan shakllarini keltiradi. Ramsted bu soʻzning etimonini arsil kalimasiga olib boradi va bu soʻzni ar – sargʻish, qizil rang; arsil sargʻish qizilni ifodalovchi soʻz deb koʻrsatadi.
A. M. Shcherbak “Uy va vahshiy hayvonlar nomi” maqolasida arslan soʻzini, ar – sifat, arsil shu sifatning orttirma darajasi va an – hayvonni bildiruvchi soʻz deb izoh beradi. Arslan soʻzidagi lan soʻzining asosi, negizi nomaʼlumdir. Shunday boʻlsa ham baʼzi olimlar “arslan” dagi lan soʻzini xitoycha “ajdarho, hayvon” maʼnosidagi soʻzga bogʻlaydilar. Yaʼni ular ar yoki arsil soʻzini sariq, sargʻish deb olib, “sariq ajdarho” deb tarjima qiladilar.
Qoplon esa (qaplan) – qap (qapmoq, yaʼni tutmoq, ushlamoq) + lan;
Sirtlon (sirtlan) – sirit (tish koʻrsatmoq) + lan.
Bu soʻzlardagi lan ham hayvon bilan bogʻliq soʻzlardir. Hozircha shunday taxminlar bor.
“Devonu lugʻatit turk”da arslan soʻzi bilan bogʻliq maqollar ham keltirilgan:
Alimchi – arslan, berimchi – sichgʻan. (Oluvchi arslondir, beruvchi esa sichqon kabidir.)
Arslan koʻkrasa, at adaqi tushanur. (Arslon naʼra tortsa, otning oyoqlari chalkashib ketadi.)
📖 “Devonu lugʻatit turk” asari, Bahrom Bafoyevning “Koʻhna soʻzlar tarixi” kitobi va Nishanyan soʻzligidan foydalanildi.
“Shevashunos”dan.
@oriftolib | Sahifalarimiz
Post #1068
2.19K