🔺 Adabiyot va ma’rifat maskaniga mazmunli tashrif
🔺Toshkent islom institutining 2026–2027-o‘quv yili uchun mo‘ljallangan yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar yo‘nalishidagi chora-tadbirlar режасига muvofiq, 1-kurs talabalari uchun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga “Adiblar xiyoboni – ma’naviy bunyodkorlik ramzi” shiori ostida ma’rifiy tashrif uyushtirildi.
🔺 Tashrif davomida talabalar Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi xodimi Z. Yunusov hamrohligida Yozuvchilar uyushmasining faoliyati, uning milliy adabiy-ma’rifiy hayotdagi o‘rni, ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda yosh iste’dodlarni kashf etish borasidagi ezgu tashabbuslar bilan yaqindan tanishdilar.
🔺 Uchrashuv samimiy ruhda o‘tdi. Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Adabiy targ‘ibot va tadbirlarni uyushtirish bo‘limi boshlig‘i Muhammadsiq Rahmatov, uyushma tarixi muzeyi mudirasi Munira Ramazonova hamda “Yoshlik” jurnali mas’ul kotibi G‘iyosiddin O‘nar talabalar bilan muloqot qildilar.
🔺 Mehmonlar yoshlarga uyushmaning boy tarixi, bugungi kundagi adabiy jarayonlar, iste’dodli yoshlar bilan ishlash tizimi hamda ular uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdilar.
🔺Muloqot chog‘ida milliy adabiyotimizning xalq ma’naviyati va tafakkurini yuksaltirishdagi o‘rni, buyuk adiblarimiz merosining yosh avlod tarbiyasidagi beqiyos ahamiyati alohida e’tirof etildi. Adabiyot nafaqat badiiy tafakkur mahsuli, balki jamiyatning ma’naviy qiyofasini shakllantiruvchi qudratli tarbiya vositasi ekani ta’kidlandi.
🔺 Shuningdek, yoshlar Yozuvchilar uyushmasi tarixi muzeyida saqlanayotgan o‘zbek adabiyoti namoyandalarining hayoti va ijodiga oid nodir manbalar, tarixiy hujjatlar va qimmatli eksponatlar bilan tanishdilar. “Yoshlik” jurnali faoliyati misolida esa yosh ijodkorlarning adabiy maydonga dadil kirib kelishi, ularning ilk asarlarini ommalashtirish yo‘lidagi amaliy ishlar haqida yetarlicha tushunchaga ega bo‘ldilar.
🔺Mazkur ma’rifiy tashrif talabalarning adabiyotga bo‘lgan mehri va qiziqishini yanada oshirishga, milliy adabiy merosimizga hurmat-ehtirom tuyg‘ularini mustahkamlashga hamda ularning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga xizmat qildi.
✅ Bunday uchrashuvlar yoshlarni buyuk adiblar merosidan bahramand etish, ularni ma’rifat va ijodkorlik ruhida tarbiyalash, shuningdek, milliy qadriyatlarga sadoqatli, keng dunyoqarashli barkamol avlod etib voyaga yetkazishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
✍ Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi
📱 @oliymahad – диний-маърифий канал!
📱 Youtube 📱 Facebook 📱 Instagram



