Technovation degan xalqaro konferensiya bor. Unga avvallari Ostona, Abu-Dabi, Keyptaun, Stokgolm va Vashington mezbonlik qilgan. Bu safar anjuman Toshkentda o‘tkazildi. 30-sentyabr kuni tashkil etilgan xalqaro tadbirda O‘zbekiston prezidentining Jahon savdo tashkilotidagi vakili, Oziq-ovqat xavfsizligi qo‘mitasi raisi Azizbek O‘runov hamda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev so‘zga chiqdi.
JW Marriott Tashkent mehmonxonasida o‘tkazilgan konferensiya innovatsiyalar, investitsiyalar va ilmiy faktlarga tayangan holda tartibga solish amaliyotiga bag‘ishlandi. Unda bir necha mavzu bo‘yicha panel muhokamalari bo‘lib o‘tdi. Masalan, “Innovatsion transformatsiyaga investitsiyalar” sessiyasida Yashil Energy, Coca-Cola Uzbekistan, EPAM, PMI va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi rahbarlari va vakillari sarmoya va ishlab chiqarishni yangilash masalalarini muhokama qildi.
O‘zbekiston, Rossiya, Tojikiston va Qozog‘istondan taklif qilingan shifokor va olimlar sog‘liqni saqlash sohasidagi innovatsiyalarni muhokama qildi. Qozog‘istonlik tibbiyot fanlari doktori Meyram Raganinning shu sessiyada: “Zararli narsalarni taqiqlash emas, balki ularning zararini tushuntirish samaraliroqdir”, degan mazmunda bildirgan fikri barcha spikerlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
“Transformatsiya jarayonida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish” sessiyasida Davlat bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Akramjon Axlimirzayev noqonuniy mahsulotlariga qarshi kurashish sohasidagi O‘zbekiston tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Qayd etish joiz, bu tajriba xorijiy hamkorlar tomonidan ham muvaffaqiyatli namuna sifatida o‘rganilmoqda.
O‘zbekiston Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlarini tadqiq etish markazi, Qozog‘iston Milliy iste’molchilar ligasi va O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakillari esa yangi mahsulot toifalari bozorga kirib kelayotgan sharoitda iste’molchilarni to‘g‘ri xabardor qilish va ularning manfaatlarini himoya qilish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Post #3456
3.61K



