🇺🇿🇰🇷 Koreyada ilg‘or texnologiyalarni O‘zbekistonda mahalliylashtirish masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi hamda masʼul idora vakillari Koreya Respublikasidagi “Eunsung Telecom” yarimo‘tkazgichlar ilmiy-tadqiqot instituti va ishlab chiqarish zavodi faoliyati bilan tanishdi.
Tashrif davomida korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari va texnologik imkoniyatlari o‘rganilib, PCB (bosma elektron platalar) va SMT texnologiyalari asosidagi ishlab chiqarishni O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yish, zamonaviy uskunalar va texnologiyalar transferini amalga oshirish hamda ushbu yo‘nalishda mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Shuningdek, “Roboblock System” kompaniyasi rahbari bilan uchrashuvda ta’lim, sanoat yo‘nalishida qo‘llaniladigan dronlar va robototexnika texnologiyalarini O‘zbekistonda joriy etish, tegishli mutaxassislarni tayyorlash hamda istiqbolda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur tashrif va muzokaralardan ko‘zlangan asosiy maqsad — Koreyaning ilg‘or texnologik, ta’limiy va tadbirkorlik salohiyatini O‘zbekistonning sanoat infratuzilmasi va davlat xaridlari tizimi bilan uyg‘unlashtirishdir.
Hamkorlikni “texnologiyalar transferi — kadrlar tayyorlash — mahalliylashtirish — davlat xaridlari” tamoyili asosida rivojlantirish orqali yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, mahalliy korxonalarning texnologik salohiyatini oshirish va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish ko‘zda tutilmoqda.
🌍Veb-sayt 🔹Telegram 🔹Instagram 🔹Facebook 📹Youtube X 🔹Linkedin
Post #1112
530




- 👍 6
- 🔥 4
- ❤ 2
- 👏 1
- 👌 1