29–30-sentabr kunlari Jizzax shahrida avtomobilsozlik sanoati yo‘nalishidagi “Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi, “O‘zavtosanoat” AJ hamda Jizzax viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan ko‘rgazmada 84 ta tarmoq va hududiy korxona o‘z mahsulotlari, ishlab chiqarish quvvatlari va texnologik imkoniyatlarini namoyish etdi.
Ikki kun davomida ko‘rgazmada qariyb 1000 nafar ishtirokchi qatnashdi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar, yirik avtomobilsozlik korxonalari, davlat buyurtmachilari, xarid operatorlari hamda soha tashkilotlari vakillari bir maydonda jam bo‘lib, yangi kooperatsiya va hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi.
Ko‘rgazmaning birinchi kunida asosiy e’tibor mahalliy ishlab chiqaruvchilarning imkoniyatlarini yirik avtomobilsozlik korxonalarining real ehtiyojlari bilan bog‘lashga qaratildi.
Ekspozitsiyalarda avtomobilsozlik uchun butlovchi va ehtiyot qismlar, metall, plastmassa, rezina-texnika, elektrotexnika mahsulotlari, yangi mahalliylashtirish loyihalari, innovatsion ishlanmalar hamda zamonaviy texnologik yechimlar taqdim etildi.
Alohida tashkil etilgan “Avtomobilsozlik ekotizimi”, “Raqamli avtomobilsozlik”, “Kelajak loyihalari” hamda startap va innovatsiyalar zonalarida elektromobillar, akkumulyator texnologiyalari, sanoat robotlari, avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish, raqamli yechimlar va istiqbolda mahalliylashtirilishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar namoyish qilindi.
B2B va B2G uchrashuvlarida mahalliy korxonalar o‘z mahsulotlarini yirik buyurtmachilarga bevosita taqdim etib, yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish, subpudrat va kooperatsiya asosida ishlab chiqarish, shuningdek, istiqbolli buyurtmalar bo‘yicha muzokaralar olib bordi.
Birinchi kun yakuniga ko‘ra, ko‘rgazmaga 700 dan ortiq ishtirokchi tashrif buyurdi.
Kun davomida ishtirokchilar BYD Uzbekistan Factoryda ham bo‘lib, avtomobil ishlab chiqarish jarayonlari, texnologik liniyalar, mahalliylashtirish darajasi hamda mahalliy yetkazib beruvchilar uchun mavjud kooperatsiya imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.
Ko‘rgazmaning ikkinchi kunida yirik avtomobilsozlik korxonalari va mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi muzokaralar davom ettirildi.
Asosiy e’tibor import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni o‘zlashtirish, mahalliy xomashyo va materiallardan foydalanishni kengaytirish, yangi mahsulot turlarini ishlab chiqarish va mahalliy korxonalarni yirik ishlab chiqarish zanjirlariga jalb etishga qaratildi.
Kun doirasidagi muhim voqealardan biri — Kia Sonet avtomobili uchun mahalliy sertifikatning topshirilishi bo‘ldi.
Shuningdek, ko‘rgazmada faol ishtirok etgan korxona va tashkilotlar vakillari sertifikatlar bilan taqdirlandi.
“Milliy sanoat zanjiri” ko'rgazmasining ahamiyati shundaki, ilgari asosan bitta yirik buyurtmachi bilan ishlagan mahalliy ishlab chiqaruvchi endilikda o‘z mahsulotini bir vaqtning o‘zida bir nechta tarmoq korxonalariga taklif qilish, yangi buyurtmachilar bilan aloqa o‘rnatish va boshqa ishlab chiqarish zanjirlariga kirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Bu esa mahalliylashtirishni kengaytirish, import qilinayotgan mahsulotlarni mamlakatimizda ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, kooperatsiya aloqalarini diversifikatsiya qilish va milliy iqtisodiyotda qo‘shilgan qiymat zanjirlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Jizzaxdagi ikki kunlik ko‘rgazma yakunlandi. Unda boshlangan yangi kooperatsiya va hamkorliklar esa o‘z amaliy davomini topadi.
🌍Veb-sayt 🔹Telegram 🔹Instagram 🔹Facebook 📹Youtube X 🔹Linkedin