Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi hamda mas’ul idoralar vakillaridan iborat delegatsiyaning Koreya Respublikasiga xizmat safari doirasida davlat xaridlarini takomillashtirish, raqamlashtirish, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, texnologiyalar transferi va institutsional hamkorlikni kengaytirish masalalari bo‘yicha qator uchrashuvlar o‘tkazildi.
KOICA — Koreya xalqaro hamkorlik agentligi bosh ofisidagi uchrashuvda Koreya tajribasi asosida O‘zbekistonda elektron davlat xaridlari tizimini yanada rivojlantirish, ushbu yo‘nalishda texnik ko‘mak va grant dasturlaridan foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi. Shuningdek, koreyalik ekspertlarni jalb qilish, mutaxassislar malakasini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
KOTRA — Koreya savdo-investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash agentligi rahbariyati bilan uchrashuvda O‘zbekistonda mahalliylashtirish istiqboli mavjud mahsulotlar bo‘yicha Koreyaning ishlab chiqaruvchi kompaniyalari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi. Koreya kompaniyalari bilan B2B uchrashuvlar tashkil etish, texnologik sheriklikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalar va ishlab chiqarish kooperatsiyasini kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
PPS — Koreya davlat xaridlari xizmatidagi uchrashuvda davlat xaridlarini markazlashgan tartibda boshqarish va dunyodagi ilg‘or elektron xaridlar tizimlaridan biri bo‘lgan KONEPS faoliyati yaqindan o‘rganildi. Xususan, elektron katalog va ramkaviy shartnomalar, narx monitoringi, yetkazib beruvchilarni baholash, TCO yondashuvi, elektron shartnoma va to‘lovlar, davlat axborot tizimlari integratsiyasi hamda sun’iy intellekt asosida risklarni tahlil qilish mexanizmlari bo‘yicha Koreya tajribasi muhokama qilindi.
Shuningdek, delegatsiya ETRI — Elektronika va telekommunikatsiyalar ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati bilan tanishdi. Tashrif davomida institut tomonidan ishlab chiqilgan sun’iy intellekt, raqamli va telekommunikatsiya texnologiyalari, yuqori aniqlikdagi televideniye hamda avtonom transport sohasidagi zamonaviy ishlanmalar namoyish etildi. Institut rahbariyati bilan uchrashuvda ilmiy ishlanmalarni sanoatga joriy etish, texnologiyalar transferi va innovatsion yo‘nalishlarda hamkorlik imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
✔️ Mazkur uchrashuvlar Koreya Respublikasining davlat xaridlari, raqamlashtirish, innovatsiyalar va sanoat kooperatsiyasi sohasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganish, shuningdek, koreyalik tashkilotlar va kompaniyalar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilishga xizmat qildi.
🌍Veb-sayt 🔹Telegram 🔹Instagram 🔹Facebook 📹Youtube X 🔹Linkedin



