Odatlar (Habits)
Fikrimcha, odatlarni o'zgartirish — eng qiyin, eng qimmat va eng uzoq vaqt talab qiladigan jarayonlardan biri.
Masalan, "food delivery" (ovqat yetkazib berish) xizmatlari ommalashishidan oldin ovqatlanish uchun o'zimiz piyoda yoki mashinada borib kelardik. Dastlabki ovqat yetkazib berish xizmatlari paydo bo'lganda esa kuryerga 15–20 ming so'm to'lash ko'pdek tuyulardi. Chunki biz vaqtimizni pul bilan baholamas edik.
Vaqt o'tishi bilan bu odat o'zgardi. Bugungi kunda esa Yandex Go'ni ochib, kerakli ovqatni tanlab buyurtma berish oddiy holga aylangan. Hozir deyarli hech kim "o'zim borib olib kelaman" deb o'ylamaydi.
Mening 6–7 yillik kuzatuvimga ko'ra, usta chaqirish ilovalari aynan shakllanib bo'lgan odatlar sababli keng ommalasha olmayapti.
Masalan, sizga elektrik kerak bo'lsa, birinchi navbatda OLX'ga kirasiz yoki tanishlardan so'raysiz. Maxsus ilovani yuklab olib, ro'yxatdan o'tib, karta biriktirishni xohlamaysiz. Chunki OLX orqali ustani topish sizga osonroq, tezroq va arzonroqdek tuyuladi.
Bu odatni o'zgartirish uchun bir necha million dollar sarflandi, bir nechta kuchli jamoalar ham urinib ko'rdi. Lekin odatni o'zgartirishning o'zi juda qimmat va murakkab jarayon ekanini yana bir bor ko'rdik.
Ammo bu muammoning qiziqarli yechimi bor, deb o'ylayman — aggregatorlar va superapplar.
Masalan, agar Yandex Go o'z ilovasida elektrik, santexnik, mebelchi va boshqa ustalarni topish hamda chaqirish xizmatini ishga tushirsa, buning muvaffaqiyat ehtimoli ancha yuqori bo'ladi.
Sababi oddiy:
* ilova allaqachon telefoningizda bor;
* siz ro'yxatdan o'tgansiz;
* kartangiz biriktirilgan;
* eng muhimi, platformaga nisbatan ishonch shakllangan.
Ba'zan yangi mahsulot yaratishdan ko'ra, mavjud odat ustiga yangi servis qurish ancha samaraliroq bo'ladi.
Shuning uchun, agar g'oyangiz odamlarning odatini o'zgartirishni talab qilayotgan bo'lsa, uni aggregator yoki superapp ichida ishga tushirish imkoniyatini ham albatta ko'rib chiqing.
@founderdotio
Post #418
2.04K
- 👍 20
- 🔥 2