Hurmatli ustozlar va murabbiylar!
Sizlarni 1-oktyabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etaman!
Kasb bayramimiz arafasida davlatimiz rahbarining ustoz va murabbiylar bilan uchrashib, taʼlim sohasidagi ustuvor vazifalar va yangi tashabbuslarni belgilab bergani barchamiz uchun alohida ahamiyatga ega. Ushbu muloqotda taʼlim sifati va mazmunini yanada takomillashtirish, pedagoglarni qoʻllab-quvvatlash, ularning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, yoshlarni zamonaviy bilim va kasblarga tayyorlash borasida muhim vazifalar belgilab berildi.
Bu vazifalarning har biri zamirida, avvalo, ustozga boʻlgan yuksak ishonch va eʼtirof mujassam. Zero, mamlakat taraqqiyoti, ilm-fan va taʼlimning kelajagi, eng avvalo, oʻz kasbiga sadoqatli, bilimli va fidoyi pedagoglarga bogʻliq.
Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda:
«Ustozni eʼzozlash — bir kasb egasini emas, butun bir millat kelajagini eʼzozlashdir».
Bugun sizlarning mehnatingiz samarasi nafaqat shogirdlaringizning yutuqlarida, balki yurtimizning har bir sohasida yaqqol namoyon boʻlmoqda. Har bir olim, muhandis, shifokor, tadbirkor, davlat va jamoat arbobi kamolotida albatta ustozning oʻrni bor.
Oliy taʼlim tizimida faoliyat yuritayotgan professor-oʻqituvchilar zimmasiga bugun yanada katta masʼuliyat yuklanmoqda. Biz sizlar bilan birgalikda taʼlim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, talabalarga zamonaviy bilim va koʻnikmalar berish, ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi uzviylikni mustahkamlash yoʻlida izchil ish olib boramiz.
Aziz ustozlar!
Sizlarga mustahkam sogʻliq, oilaviy xotirjamlik, qalb xotirjamligi va sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Shogirdlaringiz kamoli, ularning yutuqlari va eʼtirofi sizlarga doimo kuch va ilhom bagʻishlasin!
Qoʻngʻirotboy Sharipov,
oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri
Facebook | Instagram | YouTube | Telegram
Post #52501
23.1K

- ❤ 35
- 👍 9
- 🔥 1
- 🤩 1