Kecha Toshkent shahar hokimi Shavkat Umirzoqov Prezidentimizga Toshkentda maktab va bog‘cha taʼlim maskanlarini rivojlantirish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi. Rejalarni ko‘rib xursand bo‘ldim.
Toshkent shahar hokimlari ichida ilk bora faqat taʼlimga bag‘ishlangan taqdimot, deyish mumkin buni. Bunda albatta, shahar hokimining ijtimoiy va masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Durdona Rahimovaning mehnati yotibdi, opa baribir yoshlar masalalarini yaxshi bilgani shahar aholisining katta yutug‘i. O‘zining sahifasida batafsil rejalarini yozib chiqqan, shuni keltirmoqchiman, o‘qib ko‘ring, katta o‘zgarishlar boshlanyapti:
"Bugun men uchun quvonchli va mas’uliyatli kun bo’ldi. Toshkent shahar hokimi boshchiligida ta’lim sohasi mutahassislari, xalqaro qurilish kompaniyalari va loyihachilar, jamoamiz bilan birga poytaxtdagi maktablar va bog’chalar infratuzilmasini yaxshilash, quvvatini oshirish va zamonaviy imkoniyatlarni tadbiq etish bo’yicha 1,5 yil davomida ishlab chiqgan rejalarimiz, loyihalarimiz, tahlillarimiz Prezidentimizga taqdimot qilindi.
Poytaxtda aholi soni oʻsishi bilan oʻquvchi oʻrinlari tanqisligi ortib bormoqda. 2025-2026-oʻquv yilida u 141 mingtani tashkil etgan boʻlsa, keyingi besh yilda oʻquvchilar soni 71 mingtaga (14 foiz) koʻpayishi hisobiga 2030-2031-oʻquv yiliga borib, 212 mingtaga yetishi mumkin. Shu bois, 2030-yilgacha respublika budjeti hisobidan 48 mingta, mahalliy budjet hisobidan 78 mingta yangi oʻquvchi oʻrni yaratish rejalashtirilgan. Natijada maktablarning yuklamasi hozirgi 1,4 koeffitsiyentdan 2030-yilda 1,2 gacha pasayadi.
2026-2027-oʻquv yili uchun umumiy maydoni 64,6 ming kvadrat metr boʻlgan, jami 38 ming oʻrinli 24 ta yangi maktabning loyihalari tayyorlangan. Maktablarning amaldagi namunaviy loyihalariga 17 ta yangi imkoniyat qoʻshilmoqda. Jumladan, qoʻshimcha oʻquv maydonlari, kutubxona, sport va madaniyat tadbirlari uchun moslashuvchan zallar, oʻqituvchilar uchun qulay xonalar koʻzda tutilgan. Loyihalarda pandus va liftlar, inklyuziv taʼlim xonalari, tibbiy xonalar, xavfsizlik hamda energiya tejamkorlik yechimlari ham nazarda tutilgan. Harakat va suv datchiklari hisobiga elektr energiyasi sarfi 20 foizgacha, suv sarfi 10 foizgacha tejaladi. Yangi yechimlar yer maydonini 50 foiz tejash, bir oʻquvchiga toʻgʻri keladigan maydon samaradorligini 15 foizga oshirish, sport maydonlarini uch barobar kengaytirish imkonini beradi. Umuman olganda, namunaviy loyihalar samaradorligi 40 foizga oshiriladi.
Xususiy taʼlim markazlarining davlat maktablari bilan hamkorligi yoʻlga qoʻyiladi. Bu oʻquvchilarning maktabning oʻzida oliygohlarga tayyorlanishi va yangi tillarni oʻrganishi uchun sharoit yaratadi.
Shaharda 3-7 yoshli bolalar soni 253 mingtani tashkil etadi. Ularning maktabgacha taʼlim bilan qamrovi 79,2 foiz, bogʻchalardagi oʻrinlar tanqisligi esa 65 mingta. Shu bois, 2030-yilgacha respublika budjeti hisobidan 8 mingta, mahalliy budjet hisobidan 32 mingta qoʻshimcha bogʻcha oʻrni yaratish rejalashtirilmoqda. Natijada 2030-yilda qamrov 92 foizga yetkaziladi. 2026-2027-oʻquv yili uchun esa umumiy maydoni 32 ming kvadrat metr boʻlgan, jami 16 ming oʻrinli 28 ta yangi bogʻchaning besh turdagi loyihalari tayyorlangan.
Bogʻchalarning namunaviy loyihasiga bolalar rivojlanishi va salomatligiga xizmat qiluvchi 14 ta yangi yechim kiritilmoqda. Ularda sensor va logoped xonalari, psixologik-pedagogik yordam koʻrsatish joylari, tibbiy blok, turli mashgʻulotlarga moslashtiriladigan zallar boʻladi. Bolalar xavfsizligi uchun videokuzatuv va jarohatdan himoyalovchi qoplamalar, qulay muhit yaratish uchun havo tozalagichlar, shuningdek, energiya tejamkor yoritish va quyosh panellari koʻzda tutilgan. Bu orqali namunaviy loyihalar samaradorligi 38 foizga oshiriladi.", — Durdona Rahimova.
@domlajon
t.me/domlajon
Post #14507
4.37K


- 👏 14
- ❤ 8
- 👍 4
- 🔥 3